O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasida navbatdagi “Siyosiy-ma’rifat soati” bo‘lib o‘tdi
2025-12-05 18:20:00 / Yangiliklar

Suhbat jarayonida Konstitutsiyaning milliy davlatchiligimiz va suverenitetimizni mustahkamlovchi, shu kungacha qo‘lga kiritilgan yutuqlar, demokratik huquqiy davlat barpo etish yo‘lidagi barcha sa’y-harakatlarimizning asosiy poydevori ekanligi ta’kidlandi. Shuningdek, u faqat huquqiy, siyosiy va ijtimoiy hujjat emas, balki jamiyatni birlashtiruvchi, fuqarolarning orzu-intilishlari, huquq va manfaatlari ifodasini topadigan asosiy manba ekani qayd etildi.
Mazkur fikrlar bilan bir qatorda, 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan referendum natijasida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston strategiyasini hayotga tatbiq etish uchun mustahkam siyosiy-huquqiy zamin yaratgani, mamlakatimiz taraqqiyotining muhim tarixiy bosqichida davlat va jamiyat rivojining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergani alohida e’tirof etildi. Konstitutsiyada belgilangan normalar bugungi islohotlarning asosiy huquqiy tayanchi sifatida amaliyotga izchil tatbiq etilayotgani ham qayd qilindi.
Shuningdek, davra suhbatida yangilangan Konstitutsiyada atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ona tabiatni asrash va yashil iqtisodiyot tamoyillarini rivojlantirishga oid normalarning dolzarbligi alohida qayd etildi. Mazkur normalar ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholining sog‘lom va xavfsiz muhitda yashash huquqini kafolatlash, shuningdek, kelajak avlodlar uchun tabiiy boyliklarni asrab-avaylash borasida muhim huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.



