Islom sivilizatsiyasi markazi TXTY-2025 ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi
2025-12-01 17:20:00 / Yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan milliy me’moriy an’analar va zamonaviy bezaklar uyg‘unligida barpo etildi. Inshootning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rta qismida esa 65 metrli milliy uslubdagi gumbaz qad rostlagan.
Markaz nafaqat tarixiy qo‘lyozmalarni saqlovchi ilmiy xazina, balki islom dunyosi rivojining yangi intellektual platformasi, madaniy diplomatiya markazi va turizm salohiyatini oshiruvchi strategik makon sifatida o‘z nufuzini kengaytirmoqda.
Delegatsiya a’zolariga tashrif davomida Markazning konseptual ekspozitsiyalari, strategik maqsadlari, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari va xalqaro hamkorlik dasturlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyodan tashrif buyurgan delegatsiya a’zolari Markazning xalqaro hamkorlikka ochiqligi, ilmiy almashinuv va qo‘shma loyihalar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni yuqori baholadilar.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi butun dunyoga tarix va madaniyatning yangi yo‘lini ko‘rsatadigan ma’rifiy maskan bo‘lishini e’tirof etishdi.








