Toshkent “Ipak yo‘lida turizm” yubiley xalqaro turizm yarmarkasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda
2025-11-14 12:00:00 / Yangiliklar

Tadbir mintaqadagi eng yirik turistik voqea bo‘lib, u mahalliy va xorijiy turizm idoralari, kompaniyalar, mehmonxona va transport biznesi, ta’lim muassasalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillarini bir joyga jamlaydi. Bu yilgi yarmarkada dunyoning turli mamlakatlaridan 300 dan ortiq kompaniya va 15 mingdan ziyod tashrif buyuruvchilar, shu jumladan soha mutaxassislari, ekspertlar va sayohat ishqibozlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Yarmarka doirasida milliy taomlar namoyish etiladigan Gastro-zona ochilishi, shuningdek, jurnalistlar, blogerlar va turizmni targ‘ib qilish bo‘yicha mutaxassislar uchun interaktiv maydon - Media Campus o‘tkazilishini o‘z ichiga olgan qiziqarli dastur rejalashtirilgan. Mehmonlarni madaniy meros, turizmdagi innovatsiyalar, ekoturizm, hunarmandchilik va raqamli texnologiyalarga bag‘ishlangan amaliy seminarlar, tematik sessiyalar va forumlar kutmoqda.
“Ipak yo‘lida turizm” Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi an’anaviy ravishda tajriba almashish, professional aloqalarni o‘rnatish, mamlakatlarning madaniy va tarixiy merosini hamda turizm salohiyatini targ‘ib qilish uchun xalqaro maydon bo‘lib xizmat qiladi. Yarmarka, shuningdek, o‘z sayyohlik mahsulotlarini jahon miqyosida taqdim etadigan va targ‘ib qiladigan kompaniyalar uchun muhim platformadir.
