Toshkentda “TransLogistica Uzbekistan – 2025” 21-xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda
2025-11-12 09:10:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda transport iqtisodiyotning ham, umuman jamiyatning ham faoliyat ko'rsatishi va rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratayotgan barqaror rivojlanishning eng muhim tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. Yo'lovchi va yuk tashish xizmatlari xomashyo, energiya resurslari va tayyor mahsulotlarni yetkazib berishni, aholi va turistik oqimlarning harakatlanishini ta'minlaydi.
Ko‘rgazma ishtirokchilari yuk tashish kompaniyalari, yuk mashinalari, konteynerlar, temir yo‘l vagonlari, dengiz va havo kemalari, terminallar, omborlar va port infratuzilmasi egalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish hamda tijorat yuklarini manzilga yetkazish bo‘yicha fikr almashmoqda.
Xalqaro ko‘rgazma doirasida “Uzbekistan Airports, Aviation and Logistics Forum” xalqaro aviatsiya va logistika forumi tashkil etildi.
Forumda Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S. Niyazov so‘zga chiqib, mamlakatda turizm va logistika sohalarining o‘zaro uzviy bog‘liqligi, zamonaviy transport infratuzilmasini rivojlantirish nafaqat yuk tashish jarayonlarini samarali tashkil etish, balki mamlakatning ichki va xalqaro turistik salohiyatini oshirish imkoniyatlari haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ishtirokchilar ko‘rgazmada nafaqat eng so‘nggi texnologiya va uskunalarni ko‘rish, balki ishbilarmonlik muloqoti, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va tajriba almashish imkoniga ham ega bo‘lishmoqda.
Xalqaro ko‘rgazma 13 noyabrgacha davom etadi.



