Andijon viloyatining qadimiy maskanlari yangicha ko‘rinishda
2025-10-28 09:05:00 / Yangiliklar

Andijon viloyati O‘zbekistonning eng qadimiy va betakror viloyatlaridan biridir. Ko‘p asrlar davomida bu hudud o‘zining ziyoratgohlari bilan mashhur. Bular orasida islom dinini Oʻrta Osiyo hududiga birinchi olib kirgan arab sarkardasi Qutayba ibn Muslim maqbarasi munosib oʻrin egallaydi.
Press-tur ishtirokchilari ziyoratgohga tashrif buyurib, uning tarixi va bugungi kunda maskanda olib borilgan keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari bilan tanishdilar.
Ayrim manbalarda keltirilishicha, Sohibqiron Amir Temur Qutayba dafn etilgan joyni muqaddas bilib, buyuk islom sarkardasining qabri ustiga Samarqanddan me’mor jo‘natib, ko‘rkam va mahobatli maqbara qurdirgan. 2020-yildan boshlab ziyoratgoh hududida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi. Ish jarayonida maqbaraning poydevor qismlaridan taxminan XI—XIII asrga oid madaniy meros topilmalari qazib olindi.
Ziyoratgoh hududida masjid, muzey, kutubxona va ziyoratchilar uchun alohida xonalar qurildi. Xonobod avtomagistral yo‘lidan ichkariga, ziyoratgohga olib keluvchi qariyb 680 metrli katta yo‘l boshiga arkali maxsus katta darvoza qurildi, yo‘l chetlari obodonlashtirildi. Qutayba ibn Muslim ziyoratgohi mehmonlar va ziyoratchilar bilan gavjum eng obod maskanga aylandi.
Ta’kidlash joizki, Qutayba ibn Muslim ziyoratgohi majmuasiga nafaqat yurtimizdan, balki yaqin va uzoq xorijiy davlatlardan ham mehmonlar, sayyohlar tez-tez kelib turadi. Ziyoratgoh majmuasini obod maskanga aylanishi, ziyoratchilar uchun yaratilayotgan qulayliklar shubhasiz, bu yerga keluvchi turist va ziyoratchilar oqimini yanada ko‘paytiradi.







