Yangi O‘zbekiston qizlari – yangi zafarlar zaminida! Xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lgan gvardiyachi qizlar munosib rag‘batlantirildi
2025-07-10 12:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 28-iyun – 7-iyul kunlari Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha Jahon kubogi musobaqalarida O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi tarkibida uch nafar gvardiyachi qizlar munosib ishtirok etishdi va Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi Navbahor Hamidova mazkur toifadagi musobaqaning final jangida olimpiada va uch karra jahon chempioni turkiyalik Busenaz Surmenelini 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib oltin medalni qo‘lga kiritgan birinchi o‘zbekistonlik bokschi qizga aylandi.
Bu yutuqlar, avvalo, Davlatimiz rahbarining barcha sohalar kabi sportda ham yurtimiz ayollariga alohida g‘amxo‘rlik qilib kelayotganliklari samarasidir. Bunday e’tiborning mahsuli esa albatta nufuzli xalqaro musobaqalardagi yorqin g‘alabalarda aks etmoqda.
Xususan, joriy yilning 27-iyun – 8-iyul kunlari Qirg‘iz Respublikasining Cho‘lpon-ota shahrida sportning biatlon turi bo‘yicha Osiyo kubogi o‘tkazildi. Ushbu musobaqada 6 ta davlatdan tashrif buyurgan 17 ta professional sportchi ishtirok etib, unda O‘zbekiston Milliy terma jamoasi vakili, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi Oydina Ikramova 3 km masofada faxrli 1-o‘rinni, 5 km masofada faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritgani fikrimizning yaqqol dalilidir.
Shu sababli Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev yuqorida sanab o‘tilgan xalqaro sport musobaqalari g‘oliblari va ularning murabbiylari bilan uchrashib, samimiy tilaklarini bildirdi. Tadbir so‘ngida sportchi va murabbiylar qo‘mondoni tomonidan rag‘batlantirildi.




