“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ommaviy ko‘chat ekish aksiyasi bo'lib o'tdi
2025-03-15 14:00:00 / Yangiliklar

Bugun “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Bo‘stonliq tumanidagi “Sportchilar bog‘i” hududiga Sport vazirligi jamoasi, Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari rahbariyati va keng sport jamoatchiligi ishtirokida ko‘chatlar ekish tadbiri o‘tkazildi.
Sport vaziri Adkham Ikramov boshchiligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda hududiy sport boshqarmalarida bir vaqtning o‘zida start olgan ushbu aksiya doirasida kun davomida sportchilar tomonidan respublika bo‘ylab jami 25 ming tupga yaqin manzarali, mevali va buta ko‘chatlarini ekish ishlariga kirishildi.
Bo‘stonliq tumanidagi umumiy maydoni 20 gektarni tashkil etuvchi “Sportchilar bog‘i”da esa mahalliy iqlimga mos ko‘chatlar ekilib, ularni tomchilatib sug‘orish mexanizmi ham yo‘lga qo‘yilganligi ularni parvarishlashda muhim ahamiyatga ega.
Tadbirda sport hamjamiyati “Sog‘lom inson – sog‘lom millat” g‘oyasini umummilliy harakatga aylantirishni nafaqat sport bilan, balki “Yashil makon” bilan hamnafas tarzda tashkil etayotganligi ta’kidlab o‘tildi.
Yurtimizda har yili 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilib, yashillik miqyosini 2030-yilgacha 30 foizga yetkazish maqsad qilingan bo‘lib, bunda sport hamjamiyati ham o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.
Xususan, o‘tgan yili sport tizimida jami 276 ming, shundan bahor mavsumida 152 ming tup manzarali, mevali va buta ko‘chatlari ekildi. Bu yilgi bahorgi mavsumda esa, 135 ming tup ko‘chat ekish ishlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda.
“Navro‘z” umumxalq bayrami arafasida tashkil etilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi mazkur tadbir qatnashchilari ko‘tarinki va bayromona kayfiyatda ko‘chatlar ekishdi. Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari hamda boshqa nufuzli xalqaro musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar ham barchaga o‘rnak bo‘lgan holda tadbirda faollik ko‘rsatishdi









