Kurash sportini rivojlantirishning nazariy-amaliy aspektlari mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o'tkazildi
2026-04-22 15:55:00 / Yangiliklar

Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida o‘zbek milliy sporti kurashning xalqaro nufuzini ilmiy va amaliy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan “Kurash sportini rivojlantirishning nazariy-amaliy aspektlari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning yalpi majlisi hamda kurash murabbiylariga Xalqaro B toifali litsenziya uchun mo‘ljallangan “Uch oylik onlayn kurs”ning bir haftalik amaliy mashg‘ulotlari ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Sport vaziri o‘rinbosari Shaxrillo Maxmudov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shuningdek, marosimda Xalqaro kurash instituti rektori Habibulla Tadjiev , O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti prorektori Eldor Rahmanov, Xalqaro kurash assotsatsiyasi Bosh kotibi Muhammad Rizo Nassiri hamda soha mutaxassislari ishtirok etib, kurashning global miqyosda ommalashuvi, murabbiylar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Anjumanda sport sohasining yetakchi olimlari bilan bir qatorda dunyoning 15 dan ortiq davlatidan tashrif buyurgan 30 nafardan ziyod xalqaro mutaxassislar ishtirok etmoqda. Ular orasida kurash murabbiylari uchun tashkil etilgan “Uch oylik onlayn kurs”ning yakuniy bosqich qatnashchilari ham bor. Mazkur kurs murabbiylarning kasbiy salohiyatini oshirish, xalqaro standartlar asosida bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Anjuman yalpi majlisi doirasida mahalliy va xorijiy olimlar tomonidan dolzarb va innovatsion mavzularda ma’ruzalar taqdim etildi. Jumladan, Koreya, Malta, Italiya va Xitoy Taypeyi kabi davlatlardan kelgan ekspertlar kurashning zamonaviy biomexanikasi, sportchilarning ruhiy va jismoniy holatini 3D texnologiyalar yordamida tahlil qilish, shuningdek, kurash pedagogikasining ijtimoiy ahamiyatiga oid ilmiy yondashuvlar haqida atroflicha ma’lumot berdilar.
Ta’kidlash joizki, mazkur xalqaro ilmiy-amaliy anjuman kurash sportini ilmiy asosda rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirishda muhim platforma vazifasini o‘tamoqda.



