Sport vazirligi ishchi guruhi tomonidan dolzarb mavzuda seminar o‘tkazildi
2026-02-26 15:20:00 / Yangiliklar

Seminarda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida seleksioner-trenerlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimi orqali yoshlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini takomillashtirish, sport ta’lim muassasalarining reyting ko‘rsatkichlarini oshirish hamda hisobotlar shaffofligini ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirda Spor vazirligi Sport maktablari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Muzaffarxo‘ja Rahmatxo‘jayev, Ommaviy sportni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Sherzod Olimov, AKTni joriy etish va sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Navruz Shoymardonov , viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Vahob Ro‘ziyev, viloyat hokimligi vakillari, hududdagi sport ta’lim muassasalari rahbarlari va soha mutaxassislari qatnashdi.
Seminarda mavjud kamchiliklar tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi. Xususan, sportchilar natijadorligi va musobaqalardagi ishtirok ko‘rsatkichlari, ommaviy sport bilan qamrov darajasi, ERP Sport tizimida ro‘yxatga olish va ma’lumotlar yuritish sifati, hisobotlarning haqqoniyligi va shaffofligi bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida vazirlik ishchi guruhi natijadorligi past bo‘lgan sport ta’lim muassasalarida joyiga chiqib o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Jarayonda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, elektron tizimdan samarali foydalanish, sportchilarni musobaqalarga keng jalb qilish hamda yuqori sport natijalariga erishish yuzasidan mutasaddilarga aniq tavsiyalar va amaliy ko‘rsatmalar berilmoqda.
Ushbu seminar va joylardagi o‘rganish ishlari hududlarda sport boshqaruvi samaradorligini oshirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish hamda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi.






