TINCHLIKPARVARLIK, BAG‘RIKENGLIK SIYOSATI O‘ZIGA XOS TAJRIBA MAKTABI
2025-09-27 14:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasida so‘zlagan nutqi shu kabi global muammolarga samarali amaliy yechimlar taklif qilingani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
O‘zbekiston zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, rivojlanayotgan davlatlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida BMT Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirish tarafdori ekani aytib o‘tildi. Ahamiyatlisi, bu jihat O‘zbekistonning global siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishga tayyorligini va mas’uliyatli hamkor sifatida dunyo hamjamiyati oldida o‘z pozitsiyasini aniq namoyon etayotganini ko‘rsatadi.
Nutqda yana bir dolzarb masala sifatida terrorizmga qarshi kurashish, reabilitatsiya va integratsiya masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, muammoli hududlardan qaytarilgan shaxslarni tinch hayotga moslashtirish va ularni ijtimoiylashtirish bo‘yicha muhim takliflar ilgari surildi. Darhaqiqat, bu yo‘nalishdagi chora-tadbirlar mamlakatlar xavfsizligi va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashda katta ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyoda BMTning Global aksilterror strategiyasini hayotga tatbiq etish borasida samarali ishlar qilinmoqda. BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda Reabilitatsiya va qayta integratsiya masalalari bo‘yicha mintaqaviy kengash tuzilgan. Prezidentimiz uni Xalqaro kompetensiyalar markaziga aylantirish taklifini bildirdi. Bu tuzilma muammoli hududlardan qaytarilgan shaxslarni tinch hayotga moslashtirish bo‘yicha tajriba almashish uchun muhim platforma bo‘lishi shubhasiz. O‘zbekiston, o‘z navbatida, Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini O‘zbekistonda ochish uchun zarur sharoit yaratishga tayyor ekanini bildirdi. Bu nafaqat mintaqa, balki butun dunyoda xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan amaliy tashabbus sifatida jahon hamjamiyati diqqat markazida bo‘lib turibdi. Prezidentimiz yana bir ustuvor masalaga to‘xtalib, “Ertangi kunimiz, dun- yoning taqdiri va farovonligi o‘sib kelayotgan yosh avlod qo‘lida. Yoshlarimizning qalbi va ongiga tinchlik, gumanizm va do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmat kabi olijanob g‘oyalarni singdirish dolzarb vazifamizdir”, dedi.
Shundan kelib chiqib, Jahon yoshlarining tinchlik sari harakatini ta’sis etish va uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish taklifi ilgari surildi. Mazkur tashabbus kelajak avlod vakillarini global muammolarni tinch yo‘l bilan hal etish, bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalariga asoslangan tarzda tarbiyalashga beqiyos hissa qo‘shadi.
Shu bilan birga, jamiyatimizda bag‘rikenglik siyosati izchil amalga oshirilayotgani, islom ma’rifati g‘oyalarini chuqur o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish bo‘yicha sa’y-harakatlar faol davom ettirilayotgani qayd etildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda turli diniy konfessiyalar o‘rtasida o‘zaro hurmat, birdamlik va hamkorlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ilg‘or tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak e’tirofga sazovor bo‘lmoqda. Bu yangi O‘zbekiston siyosatining umuminsoniyat manfaatlariga qanchalik mos va hamohang ekanini yaqqol namoyon qilmoqda.
Hozirgi kunda dunyoning turli mintaqalarida insonning yashashi, ta’lim olishi, mehnat qilish va o‘z iqtidorini namoyon etishi, shuningdek, diniy e’tiqodini erkin ifodalash kabi hayotiy huquqlari turli darajada cheklanmoqda. Shunga qaramay, O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari bag‘rikenglik, tinchlik va o‘zaro hurmat tamoyillari asosida tinch-totuv hayot kechirmoqda.
Turli din vakillarining erkin ravishda o‘z ibodatlarini ado etishi, rasm-rusumlarini bemalol bajarishi hamda o‘zaro ahillik va hamjihatlik muhiti ko‘p konfessiyali davlatlar tomonidan kata qiziqish bilan kuzatilmoqda. O‘zbekiston tajribasi bu jihatdan ko‘plab mamlakatlar uchun namuna bo‘lmoqda.
O‘tgan qisqa davrda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi.
Ushbu muassasalar “Jaholatga qarshi ma’rifat” ezgu g‘oyasi asosida jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni ta’minlash, yoshlarni zamonaviy fikrlaydigan va buyuk ajdodlarimizga har jihatdan munosib etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Shu ma’noda, Prezidentimiz yaqin oylarda mintaqamiz uchun noyob bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishini, buyuk ajdodlarimiz — mutafakkir allomalar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiyning boy ma’naviy va ilmiy merosining alohida taqdimotini BMTda o‘tkazish rejalanganini ma’lum qilgani quvonarli hol, albatta!
Zero, ulkan megaloyiha — Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda ham ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini olib borish, ajdodlarimizning boy ilmiy merosini keng targ‘ib qilish, islom dinining tinchlikparvarlik va bag‘rikenglik mohiyatini namoyon etish borasida noyob platforma vazifasini bajaradi.
Umuman, davlatimiz rahbari BMT yuksak minbaridan turib ta’kidlaganidek, yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq izchil davom ettirilmoqda. Bu siyosatning markazida inson qadri, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash, har bir oilaning farovon hayot kechirishiga erishish kabi ezgu maqsadlar turadi. Demak, ortga qaytmas islohotlar asosida barpo etilayotgan demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy yangi O‘zbekiston kelajakka ishonch bilan ilgarilamoqda.
Prezidentimizning ushbu nutqi nafaqat O‘zbekiston, balki jahon hamjamiyati uchun muhim siyosiy va ma’naviy ahamiyatga ega bo‘ldi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar global masalalarda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, tinchlik va taraqqiyotga intilish, terrorizmga qarshi kurashish, yoshlar ta’lim-tarbiyasi hamda bag‘rikenglikni kuchaytirishga qaratilgan keng qamrovli global strategik g‘oyalardir.
Albatta, ushbu ezgu tashabbus va takliflar dunyoda tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashda bebaho hissa qo‘shish bilan birga xalqaro hamjamiyatning o‘zaro hamkorligini yangi bosqichga olib chiqadi.
Sodiq Toshboyev,
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi
Gazetani yuklab olish uchun (https://drive.google.com/file/d/1tzyaS-QUw-2-idnPj2aG0XLoNgNVyO-q/view)
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati
