QATAR VAQF VA ISLOM ISHLARI VAZIRLIGI BILAN HAMKORLIK RIVOJLANADI
2025-04-18 18:30:00 / Yangiliklar

Bugun, 18-aprel kuni Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiq Toshboyev hamda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar Qatar vaqf va islom ishlari vaziri Gʻanim bin Shahin al-Gʻanim bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqot avvalida Oʻzbekiston va Qatar aloqalari rivojlanayotgani, ikki davlat rahbarlarining doʻstona munosabatlari, oliy darajada imzolangan hujjatlar hamkorlikning jadal taraqqiy etishida muhim omil ekani taʼkidlandi.
Martabali mehmonga yurtimizdagi diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar, eʼtiqod erkinligi yoʻnalishidagi yangilanishlar va koʻp millatli xalqimiz uchun taqdim etilayotgan sharoitlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Gʻanim bin Shahin al-Gʻanim Oʻzbekistonga ilk tashrifidan mamnun ekani, bu zamin dunyo tamadduni markazlaridan biri ekani, ulugʻ mutafakkirlarimiz bashariyat taraqqiyotiga katta hissa qoʻshgani, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi allomalar butun olamga mashhur ekanini eʼtirof etdi.
Uchrashuvda diniy soha xodimlari malakasini oshirish, ilmiy-tadqiqot, taʼlim-tarbiya va ziyorat turizmi yoʻnalishlarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati





