🕋 Haj-2024: Firibgarlardan ogoh bo’ling!
2024-05-25 14:05:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizning 10 ta hududiy aeroportidan toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar orqali ziyoratchilar haj safariga kuzatiladi.
Saudiya Haj va umra vazirligi Haj vizasisiz «Haj» mumkin emasligini ma’lum qildi va soxta Haj kompaniyalaridan ogohlantirdi.
Saudiya Arabistoni Katta ulamolar Oliy Kengashining ham ruxsatnomasiz haj qilish joiz emasligi haqidagi bayonoti e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, “maxsus ruxsatnomani olmay hajga borishning zarari faqat o‘zi bilan cheklanmaydi, balki boshqa hojilarga zarar berish, tiqilinchlar hosil qilib, o‘zgalar sog‘ligi va hayotiga hamda mas’ullar ko‘rsatayotgan xizmatlarga salbiy ta’sir o‘tkazish hisoblanadi. Shar’iy qoidalarga ko‘ra, o‘zgalarga zarar berishning gunohi o‘ziga zarar berishdan ko‘ra kattaroq hisoblanadi”– deyiladi bayonotda.
Saudiya Arabistoni Podshohligi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq chet el fuqarolari uchun haj ibodatini ado etishning asosiy sharti haj vizasiga ega boʻlish hisoblanadi. Qolgan barcha turdagi vizalar (umra, turizm, biznes, ziyorat va b.lar) bilan haj ibodatini amalga oshirish Saudiya qonunchiligiga koʻra qatʼiyan taqiqlangan va tegishli tartibda jazolanadi.
Shunday ekan, Haj amallarini bajarish uchun sizda “Haj-2024” vizasi boʻlishi shart.
Lekin shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlar orqali ayrim shaxslar va turoperatorlar o‘z reklamalarini e’lon qilishmoqda. Jumladan, tarqatilayotgan reklamalarda “navbatlarsiz haj”, “arzon narxlarda haj qiling”, “haj amali to‘liq kafolatlanadi” kabi jozibador e’lonlar kuzatilmoqda. Muborak safarga borishni niyat qilgan yurtdoshlarimizning ayrimlari mana shunday reklamalarga aldanib qolishmoqda. O‘z mablag‘ va vaqtlarini zoye ketkizishmoqda.
Ogoh bo‘ling! Saudiya Arabistoniga 2023-yilda butun dunyodan turistik, biznes va boshqa vizalar orqali kelgan 150 mingdan ortiq shaxslar ushlanib, qamoq jazosini o‘tagan, jarimaga tortilgan va Saudiyadan 10 yil muddatga deportatsiya qilingan.
Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz: O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun «Haj» tadbiri faqat O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi.
«Haj» faoliyati bilan boshqa tashkilotlarning, xususan, sayyohlik tashkilotlari va boshqalarning shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanadi.
Aziz yurtdoshlar, ogoh boʻling, firibgarlarga aldanmang!
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati

