REABILITATSIYA JARAYONIDA DINIY-MAʼRIFIY SOHA VAKILLARINING ROLI
2024-05-08 12:25:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Bugun Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Buni yangi Oʻzbekistonning tashqi va ichki siyosatidan tortib, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy hamda diniy-maʼrifiy sohalaridagi tub islohotlar misolida ham yaqqol koʻrish mumkin.
Soʻnggi yetti yilda mamlakatimizda turli millat va konfessiyalar oʻrtasida oʻzaro hurmat, birdamlik va hamkorlik muhitini mustahkamlash, madaniyatlararo muloqotni qoʻllab-quvvatlash hamda tinchlik va totuvlikni taʼminlashga qaratilgan izchil va puxta oʻylangan siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” degan ezgu gʻoyaga asoslangan tub islohotlar “Oʻzbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasi orqali tom maʼnoda, xalqimiz hayotidagi farovonlik va mamlakat taraqqiyotida oʻz boʻy-bastini koʻrsata boshladi.
Taʼkidlash joizki, dunyoning turli mintaqa va davlatlarida insonning yashashi, taʼlim olishi, mehnat qilish va oʻz iqtidorini namoyish etish va oʻz diniy eʼtiqodiga amal qilish kabi hayotiy va tabiiy haq-huquqlari turli darajada poymol etilayotgan bir davrda Oʻzbekistonda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari bagʻrikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashab kelmoqda. Turli millat va din vakillarining bexavotir oʻz ibodatlarini emin-erkin ado etishlari esa jamiyat barqarorligida ustuvor jihat hisoblanadi.
Tahlillarga eʼtibor bersak, hozirgi kunda Oʻzbekistonda jami 2357 ta diniy tashkilot va 16 ta diniy konfessiya faoliyat yuritmoqda. Xususan, mamlakatimizda 2159 tasi musulmon tashkiloti qatorida 197 ta noislomiy diniy tashkilotlar rasmiy faoliyat koʻrsatmoqda. Tegishli tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan noislomiy diniy tashkilotlarning 179 tasi xristianlik tashkiloti, 8 tasi yahudiylik jamoasi, 7 ta Bahoiylik, 1 ta Krishnachilik jamiyati va 1 ta buddaviylik ibodatxonasi, shuningdek, konfessiyalararo Oʻzbekiston Bibliya jamiyati hisoblanadi.
Soʻnggi yetti yilni oladigan boʻlsak, respublika boʻyicha jami 117 ta diniy tashkilot, shu jumladan 2 ta oliy va bitta oʻrta maxsus islom bilim yurti, 91 ta masjid hamda 23 ta yetti xil turli konfessiyaga taalluqli boʻlgan noislomiy diniy tashkilotlar davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Bugungi kunda yot gʻoyasidan qaytmagan shaxslar bilan ishlash imom-xatiblar va ilmiy markazlarda faoliyat olib borayotgan islomshunos mutaxassislarning asosiy faoliyat yoʻnalishlaridan biri hisoblanib, ularni reabilitatsiya qilish hamda profilaktikasi bilan shugʻullanish ishlari doimiy ravishda tizimli yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2023-yil 10-11-avgust kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlarda yot gʻoyasidan qaytmagan shaxslarga doimiy ravishda hududlarda faoliyat olib borayotgan imom-xatiblar hamda “Qaytaruv guruhi” aʼzolarini biriktirish choralarini koʻrish vazifasi belgilangan.
Shunga koʻra, yot gʻoyasidan qaytmagan shaxslarda sogʻlom diniy qarashlarni shakllantirish va jamiyatga toʻliq moslashtirish maqsadida ularning har biriga hududlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatib hamda islomshunos mutaxassislar biriktirildi.
Shuningdek, 2024-yilning 1-choragida ularning doimiy ish bilan taʼminlanishi, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishi, ularga moddiy koʻmak, tibbiy yordamlarni koʻrsatish, uy-joy va kommunal sohadagi muammolarini hal etish boʻyicha tegishli ishlar amalga oshirildi.
Bundan tashqari, diniy soha vakillari faoliyat olib borayotgan oʻz hududlarida manfaatdor idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda xorijga mehnat qilish, taʼlim olish va boshqa maqsadlarda ketayotgan fuqarolar bilan xorijdagi diniy ekstremistik tashkilotlarning yot gʻoyalaridan ogoh etish, missionerlik guruhlarning gʻoyalari taʼsiriga tushib qolmaslik hamda yurtimizdagi islom dinining anʼanaviy hanafiy mazhabi asosida ibodatlarni amalga oshirish yuzasidan tushuntirish-targʻibot ishlarini olib bormoqdalar.
Shu bilan birga, Oʻzbekistonlik migrantlar salmogʻi yuqori boʻlgan xorijiy davlatlardagi yoshlarning turmush sharoitlarini oʻrganish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etish orqali yot gʻoyalar taʼsiridan himoya qilish maqsadida xalq orasida obroʻ-eʼtiborga ega, notiq imom-xatiblarning xorijiy davlatlarga xizmat safarlari ham tashkil etib borilmoqda.
Xususan, oʻtgan davr davomida AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Turkiya va Qozogʻiston kabi davlatlarda Oʻzbekiston fuqarolari mehnat qilayotgan obyektlarda hamda taʼlim olayotgan talabalar orasida radikal, destruktiv va boshqa buzgʻinchi gʻoyalar taʼsiriga tushib qolishni oldini olish boʻyicha tushuntirish ishlari olib borilgan.
Xulosa oʻrnida aytish joizki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Inson qadri uchun” tamoyili hayotga izchil tatbiq etilayotganining yaqqol tasdigʻidir.
Davronbek MAXSUDOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha
qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari
