Universitetning yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi
2025-04-10 11:50:00 / Yangiliklar

Kecha Qarshi davlat universitetida 40 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga 1200 o‘rinli barcha sharoitlarga ega Xorijiy tillar fakulteti o‘quv binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimi Murotjon Azimov ham ishtirok etib, muhtaram Prezidentimiz rahbarligida oliy ta’limdagi islohotlar yoshlarimiz uchun katta imkoniyatlarni yaratayotganini ta’kidladi. Jumladan, so‘nggi 7 yilda oliygohlar soni 65 dan 204 taga yetkazildi. Maktab bitiruvchilarini oliy ta’limga qamrab olish darajasi 4 karra oshdi. Birgina, viloyatimizda oliygohlar coni 3 tadan 9 taga yetdi. Talabalar 110 ming nafarga yetib, qariyib 10 baravarga ko‘paydi.

Qarshi davlat universitetida ochilgan zamonaviy arxitekturaga ega 5 qavatli yangi o‘quv binoda ingliz, nemis, fransuz, xitoy, koreys, rus tillarini o‘rgatish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Bundan tashqari, sinxron tarjima markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 5 ta 80 o‘rinli lingafon kabinetlari, 4 ta 144 o‘rinli ma’ruza xonalari, yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlangan auditoriyalar mavjud. Shuningdek, interaktiv ta’lim materiallari yaratish uchun "Media markazi" (Jalingo studiyasi) tashkil etilgan.

Tadbir ishtirokchilari o‘quv binosining imkoniyatlari va yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi, ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan, shinam va qulay ta’lim muhitiga ega yangi o‘quv binosi universitetning ilm-fan sohasida yanada yuqori marralarga erishishida muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etdilar.
Tadbir davomida viloyat hokimi Talabalarga xizmat ko‘rsatish markazida ham bo‘lib, davlatimiz rahbarining PQ-61-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan “Kelajakka qadam” markazi hududiy bo‘linmasi bilan tanishdi.

Universitetning 3 nafar bitiruvchi talabalariga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun “O‘zmilliybank” AJ tomonidan berilgan imtiyozli 50 mln. so‘mlik kredit sertifikatlarini topshirdi.
Ochilish marosimiga tashrif buyurgan sevimli xonanda, estrada yulduzi Shohruhxon va viloyat san’ati vakillari o‘zlarining dilbar kuy-navolari bilan barchaga quvonch ulashdi.
