O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Oygul Xalilova vafoti munosabati bilan hamdardlik
2025-02-01 15:50:00 / Yangiliklar

Vohamiz san’ati og‘ir judolikka uchradi. Viloyatimizda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan fidoyi xonanda va aktrisa, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Oygul Xalilova vafot etdi.
Oygul Xalilova 1961-yilda Shahrisabz tumanida tug‘ildi. O‘rta maktabni tamomlab, Shahrisabz tumanidagi “Shodiyona” ashula va raqs ansamblida xonanda sifatida ish boshladi. Betakror ovozi bilan tezda san’atsevar xalqimiz nazariga tushdi.
Qarshi davlat universitetida tahsil oldi. Viloyat musiqali drama teatrida, Qarshi shahridagi “Muloqot”, “Eski masjid” teatr-studiyalarida aktrisa sifatida faoliyat yuritdi. Turli spektakllarda yuzlab bosh rollarni mahorat bilan ijro etib, tomoshabinlar va soha mutaxassislarining ehtiromini qozondi.
Vohamiz teatr jamoalarining Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Italiya, Fransiya, Germaniya, Belgiya, Misr Arab Respublikasi kabi davlatlarda o‘tkazilgan nufuzli xalqaro teatr-festivallarda “gran-pri” va boshqa bir qator sovrinlarga sazovor bo‘lishida Oygul Xalilovaning ulkan xizmatlari bor.
Turli yillarda Qarshi davlat universiteti dotsenti, Qarshi ixtisoslashtirilgan san’at maktabi o‘qituvchisi sifatida yoshlarga musiqa va an’anaviy ijrochilikdan dars berdi.
Xalq mehrini qozongan xonanda o‘zining lirik va mumtoz qo‘shiqlari bilan respublika va viloyat miqyosida tashkil etiladigan Mustaqillik, Navro‘z singari bayramlar tantanalari, turli nufuzli anjumanlar fayziga fayz qo‘shib keldi. Viloyatimizning barcha shahar va tumanlari, olis cho‘l va tog‘ hududlarida o‘tkazilgan madaniy tadbirlarda faol qatnashib, xalqimizni o‘z san’ati bilan bahramand etdi.
Xalqimiz sevgan fidoyi san’atkor Oygul Xalilovaning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
M.Azimov, Y.Inoyatov, M.Sharapova, I.To‘rayev.
