Asosiy maqsad — inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish
2025-01-20 18:15:00 / Yangiliklar

Ma’lumki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yilida amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni loyihasi ishlab chiqildi va keng jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Davlat dasturi loyihasida ustuvor yo‘nalishlar kesimida amaliy chora-tadbirlar, normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati va maqsadli ko‘rsatkichlar nazarda tutilmoqda.
Aytish mumkinki, davlat dasturi loyihasida 2025-yil davomida mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, aholi turmush farovonligini yanada oshirishni nazarda tutuvchi juda katta marralar olingan. Xususan, har bir insonga o‘z salohiyatini amalga oshirishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, tabiiy resurslarni tejash, atrof-muhitni muhofaza qilish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash va xalqaro munosabatlarni yanada mustahkamlashga oid ustuvor yo‘nalishlar o‘z ifodasini topgan.
Davlat dasturi loyihasida barchaga daxldor bo‘lgan muhim yo‘nalish ta’lim tizimini rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan bir qator tashabbuslar ilgari surilganligi hamda aniq vazifa va maqsadli ko‘rsatkichlar belgilab olinayotganligi bola ta’lim-tarbiyasiga e’tiborsiz bo‘lmagan xalqimizni ruhlantiryapti va ularning kelajakka ishonchini oshirmoqda.
Hech shubhasiz, maktabgacha ta’lim - shaxs kamolotida muhim bosqich hisoblanadi. Konstitutsiyamizda ham davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirishga ko‘maklashishi mustahkamlab qo‘yildi. Bu normaning kiritilishi mamlakatimizda shaxs kamolotiga, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga nechog‘lik katta e’tibor berilayotganini ko‘rsatadi. Zero, bolaning ijtimoiy moslashuvi, borliq haqida tasavvurlarga ega bo‘lishi va tengdoshlari bilan muloqot qilishida maktabgacha ta’lim muhim o‘rin kasb etadi.
Bugungi kunda maktabgacha ta’lim muassasasi zimmasidagi asosiy vazifa - bolani maktabga sifatli tayyorlashdan iborat. Zero, bu teng huquqli ta’lim olishni kafolatlash yo‘lidagi amaliy qadamdir. Bu yo‘nalishda bundan 5-yil oldin bolalarni maktabga majburiy tayyorlash bo‘yicha bepul dastur yo‘lga qo‘yilganini ham alohida ta’kidlash joiz.
Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 80 foizga yetkazish, shuningdek, 6 yoshli bolalarni maktabgacha tayyorlov tizimi bilan qamrab olish darajasini 90 foizga, yil yakuniga qadar esa 100 foizga yetkazish reja qilinmoqda.
Jumladan, “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasida 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov tizimi bilan qamrov darajasini oshirish, ya’ni 337 ta bir yillik majburiy guruhlar tashkil qilish natijasida guruhlar sonini 7 900 taga yetkazish va qo‘shimcha tashkil etiladigan guruhlarda 8 816 nafar bolani qamrab olishga erishish belgilab olinmoqda. Bu esa bolalarning boshlang‘ich sinfda ta’lim olish uchun tayyor holda borishini ta’minlaydi va ularda o‘qish va o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarni yanada oshirishga xizmat qiladi.
Ma’lumki, Prezidentimizning 2020-yil 13-oktyabrdagi “Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekistonda inklyuziv ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonda inklyuziv ta’lim tizimi joriy qilingan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari ulushini jami maktablarning 51 foiziga, inklyuziv ta’lim shartlarida ta’lim olayotgan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar ulushini esa 40 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, oldingi o‘quv yilida 14 059 nafar o‘quvchi yakka tartibdagi uy ta’limiga jalb etilgan bo‘lib, ularga 39622 nafar pedagog biriktirilgan. Ushbu o‘quvchilarning barchasiga o‘quv yili boshlanganda 12 nomdagi o‘quv qurollari to‘plami bepul yetkazib berilgan.
Bu yilgi davlat dasturi loyihasida ham umumiy o‘rta ta’lim tizimida “Ta’lim uchun qulay muhit” dasturini amalga oshirish bo‘yicha uyda ta’lim olayotgan o‘quvchilar uchun qulayliklar, ya’ni ta’limning mazkur yo‘nalishi bo‘yicha elektron va video darsliklar hamda ular bilan mustaqil shug‘ullanish uchun qulay muhit va sharoitlar yaratish nazarda tutilmoqda.
Umuman olganda, umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarini sifatli darsliklar va qo‘llanmalar bilan ta’minlash bugungi kunning dolzarb vazifasidir. Keyingi yillarda ta’lim sohasining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, o‘quv-tarbiya jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, darsliklarni eng zamonaviy metodikalar asosida yaratish va chop etishga qaratilgan ko‘plab farmon va qarorlar qabul qilingani bejizga emas. Zero, yaxshi, sifatli ta’lim dasturi va darsliklar ta’lim sifatini oshirishga, bolalarni o‘qishga qiziqtirishga xizmat qiladi.
Tan olishimiz kerak, darsliklar borasida muammolarimiz yo‘q emas. Bu kitoblar sifati, ularning ma’no-mazmuni, zamonaviy shakl-shamoyili bilan bog‘liqdir.
Davlat dasturi loyihasida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun 65 nomdagi yangi darsliklar, mashq daftarlari, o‘qituvchi metodika kitoblarini yaratish va amaliyotga joriy etish rejalashtirilayotgani ta’limga bee’tibor bo‘lmagan xalqimizni quvontiradi va ta’lim tizimidagi tub islohotlarning samarasini belgilab beradi.
Qolaversa, davlat dasturi loyihasida umumta’lim maktablarini birlamchi sport jihozlari va milliy musiqa cholg‘u asboblari bilan ta’minlash bo‘yicha manzilli dasturni tasdiqlash, “Raqamli kutubxona” tizimining samaradorligini oshirish, ta’lim jarayoni ishtirokchilarini psixologik qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida bilimni baholashning yangi tartibini joriy etish, o‘quvchilarda kommunikativ ko‘nikmalar, tanqidiy va kreativ fikrlash, hamkorlikda ishlash, tadqiqotchilik kabi ko‘nikmalarni shakllantirish, ta’limga 500 nafar xorijiy mutaxassislarni jalb etish, olis va chekka hududlarda joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun bepul avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish, nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari sonini 600 taga yetkazish choralarini ko‘rish kabi aniq maqsadlar belgilanyaptiki, bu pirovard natijada ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarish hamda yoshlarni har tomonlama yetuk va barkamol etib tarbiyalashga zamin yaratadi. Bundan ko‘zlanayotgan asosiy maqsad esa - yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazishdir.
Davlat dasturi loyihasida oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan mehnat bozorining oliy ma’lumotli mutaxassislarga bo‘lgan talabini o‘rgangan holda yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrov darajasini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, “Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan 12 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, respublikadagi kamida 1 ta oliy ta’lim muassasasini nufuzli xalqaro reytinglarning birinchi 1000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish, talabalarni yotoqxona bilan qamrab olish darajasini yaxshilash, bu borada davlat-xususiy sheriklik loyihalari, oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan yaratiladigan qo‘shimcha yotoq o‘rinlari sonini 8 000 taga yetkazish maqsad qilingan.
Ta’kidlash o‘rinliki, davlat dasturi loyihasining birinchi yo‘nalishi ta’limning har uch bosqichida tegishli shart-sharoitlarni yaratish va ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish orqali inson salohiyatini ro‘yobga chiqarishni nazarda tutadi. Bu esa ijtimoiy sohaning muhim tarmog‘i hisoblangan ta’lim tizimini yanada rivojlantirish va amalga oshiriladigan ta’lim-tarbiya ishlari sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishiga zamin yaratadi.
Davron Kesimov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati
