Viloyat hokimi Azimov Murotjon Berdialiyevichning 8-dekabr — Konstitutsiya qabul qilingan kun munosabati bilan tashkil etilgan tadbirdagi nutqi
2024-12-07 15:35:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum aziz vohadoshlar!
Tantanali bayram tadbirining muhtaram ishtirokchilari!
Avvalo barchangizni, viloyatimizda istiqomat qilayotgan ko‘p millatli xalqimizni - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligi bilan samimiy tabriklayman!
Bugun hayotimizga Yangi O‘zbekiston degan ibora tobora chuqur singib bormoqda.
Yangilanish, Uchinchi Renessans asosini yaratish g‘oyasi har bir yurtdoshimiz hayotida aks etmoqda. Inson qadrini ulug‘lash, uning farovon yashashi uchun barcha kuch, imkoniyatlar safarbar etilmoqda.
Bu ulug‘vor yo‘lda xalqimiz huquq, erkinligining qonuniy kafolati bo‘lgan Konstitutsiyamiz poydevor bo‘layotganini chin dildan his qilamiz.
Muhtaram Prezidentimiz qayd etganlaridek: “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bizga inson huquqlari, demokratiya, erkinlik, barqarorlik, tenglik va taraqqiyot tamoyillariga asoslangan huquqiy va adolatli davlat qurish yo‘llarini keng ochib berdi”.
Bu yilgi bayram tantanalari mamlakatimiz miqyosida “Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” degan bosh g‘oya asosida keng nishonlanmoqda.
Umumxalq referendumi orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Asosiy qonunimizda xalqimizning azaliy orzu-umidlari yanada kengroq o‘z ifodasini topdi.
Unda O‘zbekistonning - suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yildi. Mazmuni tubdan takomillashtirilib, yangi bob, moddalar bilan boyitildi.
Ta’kidlash zarurki, O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotning bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi, shubhasiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hisoblanadi.
Konstitutsiya va qonun ustunligini ta’minlash, davlat organlari faoliyatini yangicha huquqiy sharoitga mos holda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi, odamlar tashvishi bilan yashash, xalqimizning qonuniy talab-istaklari, xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish davlat organlari faoliyatini baholashning eng muhim mezoniga aylanmoqda.
Qaysi sohani olmaylik, qishloq xo‘jaligi, kimyo-texnologiya, sanoat, ishlab chiqarish, ta’lim, tibbiyot – bo‘layotgan o‘zgarishlar, yangilanishlarning mazmun mohiyati yangilangan Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topgan.
Aziz do‘stlar!
Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz huzurida 2025 yilda Qashqadaryoning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bo‘yicha taqdimot qilindi.
Davlatimiz rahbarining viloyatimizga, Qashqadaryoliklarga bo‘lgan alohida e’tiborlari, mehr-muhabbatlarini yana bir bor chuqur his qildik.
Yuzdan ortiq tashabbuslarimiz qo‘llab-quvvatlandi. Muammoli masalalar yechimi hal qilindi.
Qashqadaryoliklarning farovon, baxtli yashashi uchun barcha sohalarda ulkan marralar belgilab berildi.
Birinchidan, kelgusi yili viloyatimiz iqtisodiyotining 106,1 foizga o‘sishi ta’minlanadi. Yalpi hududiy mahsuloti hajmi 84,5 trillion so‘mga yetkaziladi.
Yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali 600 ming nafar vohadoshlarimiz band qilinadi. 100 ming nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish choralari ko‘riladi.
Ikkinchidan, viloyatimizga 3,5 milliard dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi. 1 milliard dollarlik Qashqadaryo mahsulotlari xorijga eksport bo‘ladi.
Uchinchidan, Qashqadaryoda oziq-ovqat xavfsizligi ustuvor vazifaga aylanadi. Keyingi yildan viloyatimiz kartoshka, meva, parranda go‘shti, tuxum bo‘yicha o‘zini o‘zi to‘liq ta’minlashga o‘tadi.
Meva-sabzavotchilik, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik, organik mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalar yo‘lga qo‘yiladi.
Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, suv tannarxini arzonlashtirish ishlari yanada jonlantiriladi.
To‘rtinchidan, 1 mln nafar mahalliy, 600 ming nafar xorijiy turistlar kelishi hisobidan turizm xizmatlari eksporti 120 mln dollarga yetkaziladi. “Yashil makon” loyihasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yangicha tizimda tashkil qilinadi.
Beshinchidan, aholimiz uchun 7 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar quriladi. Markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan darajasi 64 foizga yetadi.
Jamoat transporti tizimi va qariyb 2 ming km yo‘llar holati yaxshilanadi.
Oltinchidan, 75 foiz bolajonlarimiz maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinadi.
Ta’lim sifatini yaxshilash asosiy vazifalarimizdan biri bo‘lib qoladi.
Texnikumlarga yirik sanoat korxonalari biriktirilib, kamida 50 foiz talabalar dual ta’lim asosida o‘qiydi.
Nemis standarti asosida boshlangan kasb-hunarga o‘qitish loyihasi kengaytiriladi.
Yoshlar uchun “To‘rtinchi sanoat kasblariga o‘qitish Markazi”, “Kreativ sanoat parki”, “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi” tashkil etiladi.
Bundan tashqari, xalqimiz salomatligini asrash yo‘lidagi ishlarimiz izchil davom etadi.
Umuman olganda, 2025-yil - Qashqadaryoda yangicha uyg‘onish, ulkan o‘zgarishlar yili bo‘ladi.
Aziz vohadoshlar!
Dunyoning turli davlatlarida sodir bo‘layotgan keskinliklar, qurolli to‘qnashuvlar har birimizga tinchlik, osoyishtalik, barqaror taraqqiyotning nechog‘lik muhim ne’mat ekanligini yana bir karra eslatmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Hozirgi o‘ta murakkab va tahlikali vaziyatda barchamiz yanada birlashishimiz kerak. Tanlagan yo‘limizdan qat’iy olg‘a borishimiz zarurligini asrlar davomida ko‘plab og‘ir sinov va mashaqqatlardan munosib o‘tgan mard va donishmand xalqimiz albatta yaxshi tushunadi.
Aminmanki, O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasi biz uchun bu yo‘lda ulkan ishonch, kuch-g‘ayrat va ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi”.
Barchangizni Konstitutsiya kuni bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman!
E’tiboringiz uchun rahmat!
