Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan viloyat hokimi Azimov Murotjon Berdialiyevichning soha xodimlariga yo'llagan bayram tabrigi
2024-11-09 15:40:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, qadrli tibbiyot xodimlari!
O‘z hayotini el-yurt salomatligini asrashdek olijanob ishga bag‘ishlab kelayotgan siz, azizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Mamlakatimizning eng ulug‘ boyligi – xalq salomatligini saqlashdek o‘ta mas’uliyatli va sharafli ishda barchangizning kasbiy mahoratingiz, bilim va tajribangiz, insoniylik fazilatlaringizga ishonamiz, fidokorona mehnatingizni qadrlaymiz.
Muhtaram Prezidentimiz qayd etganidek, “Dunyodagi eng bebaho boylik, tengsiz ne’mat hisoblangan inson sog‘lig‘ini saqlash, bemor ko‘nglida umid va ishonch uyg‘otib, uni sog‘lom hayotga qaytarish uchun shifokor nafaqat chuqur bilim va tajriba sohibi, ayni paytda yuksak aql-zakovat hamda olijanob qalb egasi bo‘lishi darkor.
O‘z hayotini ana shunday ulug‘ va savobli ishga bag‘ishlab, odamlarning dardiga darmon bo‘lishni muqaddas burch deb bilgan tibbiyot xodimlarining sha’niga har qancha tahsinlar aytsak, arziydi, albatta”.
Qadrli salomatlik posbonlari!
Muhtaram Prezidentimiz o‘tgan yili viloyatga tashriflari davomida Qashqadaryoda “2024-yilni Sifatli ta’lim va tibbiyot yili” deb e’lon qildilar.
Shuningdek, joriy yilning 9-fevralida viloyatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish hamda sog‘liqni saqlash tirizimini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha alohida Qaror qabul qilindi.
Tibbiyot muassasalari moddiy-texnikasi bazasini yaxshilash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi.
Joriy yil 25 ta tibbiyot muassasasi yangidan foydalanishga topshirildi, 18 tasida rekonstruksiya va jihozlash ishlari amalga oshirildi.
Yaqingacha buyrak ko‘chirish, ko‘z gavharini almashtirish, yurak-qon tomir sohasidagi murakkab operatsiyalar uchun vohadoshlarimiz qancha xarajatlar evaziga poytaxtga yoki xorijga qatnar edilar.
Endilikda yiliga qariyib 10 ming nafar bemorga murakkab yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlarining viloyatimizda bajarilayotgani xalqimizning ko‘nglidagi ish bo‘ldi.
Joriy yilning 1-mayidan boshlab, Qashqadaryoda tibbiy brigadalarga onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlangan har bir holat uchun 2 million so‘m miqdorda rag‘batlantirish berish tizimi o‘z samarasini bermoqda.
Bu xayrli tadbir ko‘plab yurtdoshlarimizning hayotini saqlab qolishda, shuningdek, davlatning milliardlab mablag‘larining tejalishida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Bu yilning o‘zida viloyat tez tibbiy yordam tizimi 100 ga yaqin zamonaviy yangi mashinalar bilan boyitildi.
Respublikada birinchilardan bo‘lib kunlik kelib tushgan chaqiriqlar bo‘yicha birlamchi tibbiyot muassasalariga axborot berib borish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Natijada kunlik chaqiriqlar sonining o‘rtacha 500 tagacha kamayishiga erishildi.
Sohada raqamlashtirishga katta e’tibor qaratilayotgani ham shifokorlar, ham aholi uchun katta qulayliklar yaratmoqda.
Vohamizdagi barcha tibbiyot muassasalari to‘liq keng polasali optik internet tarmog‘iga ulandi, lokal tarmoqlar tortildi. “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona” va “Yagona elektron tibbiy karta” tizimlari viloyatdagi barcha birlamchi tizim muassasalariga o‘rnatildi.
Ayniqsa, elektron order olish va telemeditsina tizimlaridan samarali foydalanilishi natijasida xalqimizning uzog‘i yaqin, mushkuli oson bo‘layotgani juda quvonarlidir.
Sohada xususiy sektor jadal rivojlanmoqda. Ayni paytda vohamizda xususiy tibbiyot muassasalarining soni 736 taga yetdi.
Kelgusida xalqimizning malakali va sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish borasida loyihalar yo‘lga qo‘yiladi.
Xususan, ajratilayotgan mablag‘lar bemorga yetib borishi uchun davlat tibbiy sug‘urtasiga o‘tish tezlashtiriladi.
Hozirda viloyat darajasidagi 17 ta tibbiyot muassasasi tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tdi. 2025-yildan boshlab bu tizim barcha tuman va shaharlarda joriy qilinadi.
Mahalladan boshlab, sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollikni oshirish bo‘yicha amaliy ishlar kuchaytiriladi.
Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi negizida 600 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli klinika va Qarshi tumani tibbiyot birlashmasi negizida zamonaviy tibbiyot markazi quriladi.
Qarshi shahrida gemotologik, onkologik kasalliklar bilan kasallangan bemorlar uchun 50 o‘rinli xospis tashkil etiladi.
Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 50 o‘rinli bolalar onkogemotologiya bo‘limi qurilib, foydalanishga topshiriladi.
Kelgusi yildan har yili 50 nafar shifokor rivojlangan xorijiy mamlakatlar klinikalarida malaka oshirishga yuboriladi.
Muhtaram tibbiyot xodimlari!
“Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyilni ro‘yobga chiqarish, sohani tezkor va samarali, xalqchil tizimga aylantirish yo‘lidagi islohotlar jarayonida barchangiz o‘z zimmangizdagi mas’uliyatni sharaf bilan ado etish yo‘lida bor bilim va mahoratingiz, salohiyat va tajribangiz, azmu shijoatingizni ayamay mehnat qilishingizga ishonamiz.
Sizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz bilan yana bir bor samimiy muborakbod etib, barchangizga baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilaymiz.
Qo‘lingiz dard ko‘rmasin, hamisha sog‘-omon bo‘ling, azizlar!
E’tiboringiz uchun rahmat!
