Murotjon Azimov Qarshi shahridagi turar-joy majmuasi, "Marka" savdo filiali va bolalar maydonchasining ochilish marosimida ishtirok etdi
2025-12-21 19:55:00 / Yangiliklar

Yurtimizda Prezidentimiz tashabbuslari bilan tadbirkorlarga yaratilayotgan qulayliklar tufayli iqtisodiyotda xususiy sektorning ulushi oshib bormoqda. Ular sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, savdo va xizmat ko‘rsatish kabi qator sohalarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirmoqda.
Bugun viloyatimiz markazi Qarshi shahrida 2023-yilda tadbirkor Nurbek Ergashev tomonidan boshlangan va viloyat hokimi tomonidan start berilgan 700 ta xonadonga mo‘ljallangan 12 ta ko‘p qavatli uylardan iborat "Sulton saroy" turar-joy majmuasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi rahbarlar, nuroniylar va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Ta’kidlanishicha, 4.3 gektar maydonni egallagan majmuada inson ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitlar yaratilishi loyihaga kiritilgan. Masalan, avtoturargohlar binoning yerto‘la qismida, majmuaning old qismidagi 1-2-qavatlarda yirik savdo do‘konlari, bolalar maydonchalari va boshqa maishiy xizmat turlari joy olgan. Eng quvonarlisi shuki, majmua to‘liq quyosh panellari orqali elektr energiyasi bilan ta’minlanmoqda.
Ochilish marosimida so‘z olgan viloyat rahbari Murotjon Azimov tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarga to‘xtalib o‘tdi.







