Afshonada 1,5 million dollarlik etnoturizm shaharchasi barpo etilmoqda
2026-10-19 09:50:00 / Yangiliklar

Majmua tarkibidan buyuk alloma Abu Ali ibn Sino uy-muzeyi, tarixiy karvonsaroy, milliy hunarmandchilik ustaxonalari, mehmon uylari, choyxonalar va sog‘lomlashtirish maskanlari o‘rin olishi rejalashtirilgan. Bu yerda sayyohlar nafaqat tarixiy meros bilan tanishish, balki milliy hunarmandchilik namunalari, an’anaviy mehmondo‘stlik va mahalliy turmush tarzini ham yaqindan his etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Etnoturizm shaharchasining tashkil etilishi Afshona qishlog‘ining turistik jozibadorligini oshirish, ichki va xorijiy sayyohlar oqimini kengaytirish hamda hududning iqtisodiy imkoniyatlaridan samarali foydalanishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Loyiha doirasida 55 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa mahalliy aholi bandligini ta’minlash, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, hunarmandchilik va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Tarix va zamonaviylikni uyg‘unlashtiruvchi «Afshona» etnoturizm shaharchasi kelgusida Peshku tumanining muhim turistik maskanlaridan biriga aylanib, Buxoro viloyatining boy madaniy merosini keng namoyon etishga xizmat qilishi kutilmoqda.





