Topshiriqlar ijrosi — mas’uliyat va natijaning muhim mezoni
2026-09-16 16:15:00 / Yangiliklar
Davlat boshqaruvida har bir topshiriqning o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishi faqatgina belgilangan vazifaning bajarilishi emas, balki mas’uliyat, intizom va natijadorlikning muhim ko‘rsatkichidir. Zero, qabul qilinayotgan har bir qaror va berilgan har bir topshiriq zamirida, avvalo, xalq manfaati mujassam.
Shu bois bugungi kunda ijro intizomini mustahkamlash, qonunchilik hujjatlarida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish, mas’ullarning shaxsiy javobgarligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Peshku tuman hokimligida ham mazkur yo‘nalishda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 fevraldagi PF-6166-sonli Farmoni hamda 2021 yil 31 maydagi PQ-5132-sonli qarori talablaridan kelib chiqqan holda, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini ta’minlash, nazorat qilish hamda natijadorligini oshirish bo‘yicha aniq mexanizmlar yo‘lga qo‘yilgan.

Har bir topshiriq — e’tibor va nazoratda
Joriy yilning 8 oyi davomida Peshku tuman hokimligi boshqaruv apparatida 54 ta O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, 153 ta Prezidentning qaror, farmon va farmoyishlari, 198 ta Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari ro‘yxatga olindi.
Ushbu hujjatlarda belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida mas’ul ijrochilarga aniq vazifalar yuklatilib, tegishli “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi. Belgilangan vazifalar ijrochilarga yetkazilib, ularning bajarilishi muntazam ravishda nazorat qilib borildi.
Ijro intizomi masalasiga bir martalik tadbir sifatida emas, balki doimiy e’tibor talab qiladigan muhim jarayon sifatida yondashilmoqda. Buni o‘tkazilayotgan muhokamalar ham yaqqol ko‘rsatadi.
Joriy yilning o‘tgan davrida tuman hokimligi apparatida ijro intizomi holati 64 marotaba muhokama qilindi. Har haftaning dushanba kuni tuman hokimi huzurida, juma kunlari esa tuman hokimining birinchi o‘rinbosari huzurida o‘tkaziladigan yig‘ilishlarda ijro hujjatlarining belgilangan muddatlarda bajarilishi, kechikishlarning oldini olish va mas’ullarning vazifalari muhokama qilib borildi.
Bu jarayonda raqamli texnologiyalardan samarali foydalanishga ham alohida ahamiyat berilmoqda. Xususan, “edo.ijro.uz” ijro intizomi idoralararo elektron tizimiga 9 488 ta hujjatlardagi topshiriqlar ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning ijrosi muntazam nazorat qilinmoqda.
Murojaat — inson taqdiri, uning ijrosi — mas’uliyat
Davlat organlari faoliyati samaradorligini baholashda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash alohida o‘rin tutadi. Chunki har bir murojaat ortida insonning muammosi, ehtiyoji va qonuniy manfaati turadi.
Peshku tuman hokimligida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash ham belgilangan talablar asosida tashkil etilgan.
Joriy yilning o‘tgan davrida “edo.ijro.uz” elektron tizimiga 780 ta jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari ro‘yxatga olinib, ularning ijrosi nazoratga olindi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishi, mas’ullarning mas’uliyati va ijro hujjatlarining elektron tizimga belgilangan muddatlarda joylashtirilishi muntazam muhokama qilib borilmoqda.
Shu bilan birga, tuman hokimi va uning o‘rinbosarlari tomonidan tasdiqlangan jadval asosida fuqarolarning shaxsiy qabuli ham muntazam tashkil etilmoqda. Qabul jarayonida fuqarolarning murojaatlari belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, ularni hal etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berilmoqda.
Murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarning yechimi bo‘yicha fuqarolarga yozma javoblar yuborilishi ta’minlanmoqda.
Natija — asosiy mezon
Bugun davlat boshqaruvida faqat topshiriq berishning o‘zi yetarli emas. Uning qay darajada, qanday muddatda va qanday natija bilan bajarilgani muhim.
Shu ma’noda, Peshku tuman hokimligida ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan tizimli nazorat, haftalik muhokamalar, elektron tizim imkoniyatlaridan foydalanish va mas’ullarning shaxsiy javobgarligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zero, ijro intizomi — shunchaki hujjatlarni belgilangan muddatda bajarish emas. U — mas’uliyat, talabchanlik va eng muhimi, xalq manfaati yo‘lida aniq natijaga erishish mezonidir.
Peshku tumanida ham bu tamoyil asosida ish olib borish, har bir topshiriq va murojaatga mas’uliyat bilan yondashish, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda natijadorlikni oshirish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.
Peshku tuman hokimligi boshqaruv
apparati ijro intizomi nazorati
bo‘yicha bosh mutaxassisi K.Hamroyev
