Ijara shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarni sudda ko‘rishning o‘ziga xos xususiyatlari haqida
2026-08-17 11:55:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Mol-mulkini ijaraga berish huquqi shu mol-mulk egasiga tegishlidir. Qonun yoki mulkdor tomonidan mol-mulkni ijaraga berish vakolati berilgan boshqa shaxslar ham ijaraga beruvchi bo‘lishlari mumkin.
Mulk ijarasi shartnomasi bir yildan ortiq muddatga mo‘ljallangan bo‘lsa, taraflardan birontasi yuridik shaxs bo‘lgan hollarda esa, muddatidan qat’i nazar, yozma shaklda tuzilishi shart.
Ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.
Mulk huquqining kelgusida ijarachiga o‘tishini nazarda tutuvchi mulk ijarasi shartnomasi, bunday mulkning oldi-sotdi shartnomasi uchun nazarda tutilgan shaklda tuziladi.
Mulk ijarasi shartnomasi shartnomada belgilangan muddatga tuziladi.
Agar mulk ijarasining muddati shartnomada belgilanmagan bo‘lsa, shartnoma nomuayyan muddatga tuzilgan hisoblanadi. Bunda taraflardan har biri boshqa tarafni bir oy oldin, ko‘chmas mulk ijarasida esa –– uch oy oldin yozma ravishda ogohlantirib, istagan paytda shartnomadan voz kechishi mumkin. Qonun yoki shartnomada nomuayyan muddatga tuzilgan mulk ijarasi shartnomasini bekor qilish haqida oldindan ogohlantirishning boshqa muddatlari ham belgilab qo‘yilishi mumkin.
Qonunda mulk ijarasining ayrim turlari uchun, shuningdek mol-mulkning ayrim turlarini ijaraga olish uchun eng ko‘p (oxirgi) muddatlar belgilab qo‘yilishi mumkin. Bunday hollarda, basharti ijara muddati shartnomada belgilangan bo‘lmasa va qonunda belgilangan oxirgi muddat tugagunicha taraflardan hech qaysisi shartnomadan voz kechmasa, oxirgi muddat o‘tishi bilan shartnoma bekor bo‘ladi. Qonunda belgilangan oxirgi muddatdan ortiq muddatga tuzilgan bunday mulk ijarasi shartnomasi oxirgi muddatga teng muddatga tuzilgan hisoblanadi.
Ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga mol-mulkni shartnoma shartlari va mol-mulkning vazifasiga muvofiq holatda topshirmog‘i lozim.
Mol-mulkni topshirishga tayyorlash, shu jumladan topshirish dalolatnomasini tuzish va imzolashga taqdim etish ijaraga beruvchining burchi bo‘lib, uning hisobidan amalga oshiriladi.
Agarda shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, mol-mulk barcha mansub ashyolari va unga aloqador hujjatlar (texnik pasport, sifat sertifikati va hokazolar) bilan birga ijaraga topshiriladi. Agarda bunday mansub ashyolar va hujjatlar topshirilgan bo‘lmasa va ularsiz ijaraga oluvchi mol-mulkdan uning o‘z vazifasi bo‘yicha foydalana olmasa yoxud shartnoma tuzish paytida mo‘ljallashga haqli bo‘lgan ancha narsasidan mahrum bo‘lsa, u ijaraga beruvchidan bunday mansub ashyolar va hujjatlarni topshirishni yoxud shartnomani bekor qilishni, shuningdek zararni qoplashni talab qilishga haqli.
Agar ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga ijaraga berilgan mol-mulkni shartnomada ko‘rsatilgan muddatda, basharti shartnomada bunday muddat
ko‘rsatilgan bo‘lmasa, oqilona muddatda topshirmagan bo‘lsa, ijaraga oluvchi mol-mulkni undan talab qilib olish va ijroning kechikkanligi tufayli yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish yoki shartnomani bekor qilish va uning bajarilmaganligi sababli yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega.
Ijaraga beruvchi ijaraga topshirilgan mol-mulkning undan foydalanishga to‘liq yoki qisman to‘sqinlik qiladigan kamchiliklari uchun, hatto u shartnoma tuzish vaqtida bular haqida bilmagan bo‘lsa ham, javobgardir.
Shartnoma tuzish vaqtida ijaraga beruvchi oldindan aytib qo‘ygan yoki ijaraga oluvchiga oldindan ma’lum bo‘lgan yoxud shartnomani tuzishda yoki mol-mulkni ijaraga topshirish paytida uni ko‘zdan kechirganda yoxud uning sozligini tekshirganda ijaraga oluvchi aniqlashi kerak bo‘lgan kamchiliklar uchun ijaraga beruvchi javobgar bo‘lmaydi.
Mol-mulkning ijaraga topshirilishi bu mol-mulkka nisbatan uchinchi shaxslarning huquqlari bekor bo‘lishi yoki o‘zgarishi uchun asos bo‘lmaydi.
Shartnoma tuzishda ijaraga beruvchi ijaraga oluvchini ijaraga topshirilayotgan mol-mulkka nisbatan uchinchi shaxslarning barcha huquqlari (servitut, garov huquqi va hokazolar) haqida ogohlantirishi lozim. Ijaraga
beruvchi tomonidan bu majburiyatning bajarilmasligi ijaraga oluvchiga mol-mulkdan foydalanganlik uchun to‘lanadigan haqni kamaytirishni yoxud shartnomani bekor qilish va zararni to‘lashni talab qilish huquqini beradi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Peshku tumanlararo sudi raisi I.S.Djurayev
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Peshku tumanlararo sudi sudyasi H.R.Qoryog‘diyev
