“Chig‘irchi mahallasida yangi tadbirkorlik markazi ish boshladi”
2026-06-12 17:20:00 / Yangiliklar

Tumanda o‘zining sifatli mahsulotlari va samarali faoliyati bilan munosib obro‘ qozongan “Zahratun” tadbirkorlik sub’yekti tomonidan tashkil etilgan ushbu markaz bir necha yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ydi. Yangi markazning ishga tushirilishi natijasida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishi, mahalliy aholi daromadlari oshishi hamda hudud iqtisodiy salohiyatining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Tadbirkorlik markazining tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayxo Baxriddinovna Mahkamova hamda Peshku tumani hokimi Hayot Davlatov ishtirok etdi.
Tadbir davomida mehmonlar yangi markazda yaratilgan sharoitlar, amalga oshirilayotgan loyihalar va kelgusidagi rejalar bilan yaqindan tanishdilar. Zulayxo Mahkamova so‘zga chiqib, Peshku aholisini ushbu quvonchli voqea bilan samimiy tabrikladi hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuksak baholadi.
Shuningdek, Peshku tumani hokimi Hayot Davlatov ham yangi markaz faoliyati tuman iqtisodiy rivojiga, aholi farovonligini oshirishga va yangi ish o‘rinlari yaratishga munosib hissa qo‘shishini ta’kidlab, tadbirkorlarga kelgusi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Tadbir yakunida mahalla faollari va nuroniylar tomonidan yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirildi.









