Peshkuda “Yoshlar bilan bir kun” dasturi doirasida keng qamrovli uchrashuv o‘tkazildi
2026-04-16 14:45:00 / Yangiliklar

Shuningdek, maktabda tashkil etilgan to‘garaklar faoliyati ham atroflicha ko‘zdan kechirildi. Tikuvchilik, pazandachilik, qo‘l mehnati va boshqa kasb-hunar yo‘nalishlaridagi to‘garaklar yoshlarning qiziqishlari asosida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularga amaliy ko‘nikmalar berishda muhim o‘rin tutayotgani qayd etildi. Mazkur to‘garaklar orqali o‘quvchilar nafaqat bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazmoqda, balki kelajak kasbiga ilk qadamlarini ham tashlamoqda.
Mas’ullar tomonidan to‘garaklarga jalb etilgan yoshlar bilan samimiy suhbat o‘tkazilib, ularning yaratayotgan mahsulotlari, o‘zlashtirayotgan ko‘nikmalari va erishayotgan yutuqlari yuqori baholandi. Yoshlar uchun yaratilgan bunday imkoniyatlar ularning mustaqil fikrlashi, ijodiy yondashuvi va tashabbuskorligini oshirishga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Shu bilan birga, “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi ham tashkil etilib, unda o‘quvchi-yoshlarning fikr va takliflari tinglandi. Yoshlar tomonidan bildirilgan murojaatlar, ayniqsa, ta’lim sifatini yanada yaxshilash, to‘garaklar sonini ko‘paytirish, sport va madaniy tadbirlarni kengaytirish bo‘yicha takliflar qo‘llab-quvvatlandi.
Uchrashuv yakunida mas’ullar tomonidan yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni yanada kengaytirish, ularning qiziqish va ehtiyojlarini inobatga olgan holda qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Mazkur tashrif yoshlar uchun yaratilgan qulayliklarni o‘rganish, ularni yanada takomillashtirish hamda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etdi.






