Deycha mahallasida issiqxona xo‘jaliklari rivoji — daromad va bandlik manbai
2026-04-08 15:05:00 / Yangiliklar

Mahalladagi ilg‘or va namunali xo‘jaliklardan biri — Kamolovlar oilasining issiqxona faoliyatidir. Ular tomonidan 25 sotix yer maydonida tashkil etilgan parnikda pomidor yetishtirilmoqda. Hozirgi kunda issiqxonadagi hosil to‘liq pishib, terim jarayonlari boshlangan bo‘lib, mahsulotlar bozorga chiqarilmoqda.
Kamolovlar oilasi yil davomida o‘rtacha 15 tonnagacha pomidor yetishtirishga erishmoqda. Yetishtirilgan mahsulotlar hozirda bozorlarda bir kilogrammi o‘rtacha 25 ming so‘mdan sotilmoqda. Bu esa oilaga yil yakunida 200–250 million so‘m atrofida daromad olish imkonini bermoqda. Mazkur natijalar oilaviy tadbirkorlikni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, zamonaviy agrotexnik usullardan foydalanish hamda mehnatni oqilona tashkil etish samarasidir.
Shu bilan birga, ushbu issiqxona xo‘jaligi orqali mavsum davomida 10 nafardan ortiq fuqaro doimiy ish bilan ta’minlanib, ularning ijtimoiy holatini yaxshilashga ham hissa qo‘shilmoqda. Bu esa mahallada bandlikni ta’minlash, ishsizlikni kamaytirish hamda aholining turmush darajasini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Umuman olganda, Deycha mahallasida issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish orqali qisqa muddatda yuqori hosil olish, yil davomida daromad manbaiga ega bo‘lish hamda bozorlarni sifatli mahsulot bilan ta’minlashga erishilmoqda. Bunday tajribalar nafaqat mahalla, balki butun tuman miqyosida ommalashtirilishi lozim bo‘lgan samarali model sifatida e’tirof etilmoqda.
Kelgusida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda eksportbop mahsulotlar hajmini oshirish orqali hudud iqtisodiyotini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.





