Ramazon – fazilat va mag‘firat oyi, qalblar poklanadigan, ezgulik va saxovat yanada yuksaladigan muborak fasldir.
2026-02-23 20:05:00 / Yangiliklar

Ramazon oyining o‘ziga xos go‘zalliklaridan biri – iftorliklardir. Iftorlik – bu shunchaki dasturxon yozish emas, balki mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik timsolidir. Bir dasturxon atrofida jam bo‘lgan insonlar o‘zaro suhbat qurib, ahil-inoqlikni mustahkamlaydi. Ayniqsa, nuroniylar va yoshlar birgalikda o‘tirgan iftorliklar avlodlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytiradi.
Hadisi sharifda: “Kimki bir ro‘zadorni iftor qildirib, qornini to‘ydirsa, uning savobidan kamaytirilmasdan unga ham beriladi”, degan mazmundagi xushxabar keltirilgan. Bu hadis Ramazonda saxovat ko‘rsatish, ehtiyojmandlarga yordam berish naqadar ulug‘ amal ekanini bildiradi. Zero, bu oy – mehr ulashish, ko‘ngil olish, savob ishlarni ko‘paytirish oyidir.
Joriy yilda Peshku tumanidagi barcha mahallalarda mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda mahalla “yettiligi” tashabbusi bilan keng ko‘lamli xayriya tadbirlari amalga oshirilmoqda. Xususan, aholi xonadonlariga tashriflar uyushtirilib, keksalar, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olinmoqda. Mahallani rivojlantirish jamg‘armasi hamda saxovatpesha homiylar ko‘magida xonadonlarda iftorlik dasturxonlari yozilib, ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilmoqda.
Shuningdek, ayrim xonadonlarda uy-joylarni ta’mirlash, tom qismini yangilash, zarur qurilish materiallari bilan ta’minlash kabi amaliy yordamlar ko‘rsatilmoqda. Bu ishlar nafaqat moddiy ko‘mak, balki inson qalbiga taskin beruvchi, jamiyatda o‘zaro mehr va ishonchni mustahkamlovchi ezgu amallardir.
Bu kabi savobli tadbirlar muborak oy davomida izchil davom ettirilib, aholining roziligini olish, shukronalik va birdamlik tuyg‘ularini kuchaytirish maqsad qilingan. Ramazon oyining fayzu barakasi bilan amalga oshirilayotgan bunday xayrli ishlar jamiyatimizda ezgulik, hamjihatlik va insonparvarlik fazilatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.


