Peshku: Qazoqova Mohidil issiqxonasidan yarim yilda 65 million soʻm daromadga erishdi
2026-01-24 14:55:00 / Yangiliklar

Mahallada hozirda 16 tadan ortiq oila ijtimoiy muhofazaga olingan bo‘lib, ularni qo‘llab-quvvatlash, daromad manbaini yaratish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida tizimli targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ushbu tadbirlar aholining tomorqa yerlariga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirishga xizmat qilmoqda.
Ana shunday tashabbuskor va mehnatsevar xonadonlardan biri Qazoqova Mohidil Tilloevna bo‘lib, u tomorqa yeridan oqilona foydalanish orqali ro‘zg‘or farovonligini oshirish mumkinligini amaliy misolda ko‘rsatib bermoqda. U o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib, dehqonchilik faoliyatini zamonaviy usullar asosida yo‘lga qo‘ydi.
Qazoqova Mohidil Tilloevna o‘ziga tegishli 10 sotix tomorqa yerida issiqxona qurib, qisqa muddat ichida mo‘may daromad keltiruvchi dehqonchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Bugungi kunda issiqxonaning 10 sotix maydonida serhosil qulupnay yetishtirilmoqda. Ushbu tajriba mahalla aholisi uchun ham yaxshi namuna bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mazkur qulupnay Koreyaning “Syon Xin” naviga mansub bo‘lib, plyonka ostida kokos qipig‘idan tayyorlangan jo‘yaklarda, gidroponika usulida parvarish qilinmoqda. Zamonaviy agrotexnologiyalar qo‘llanilgani hosildorlikni yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Jo‘yaklar bo‘ylab tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatilgan bo‘lib, suvdan tejamkorlik bilan foydalanilmoqda.
— Hozirda yetishtirilayotgan qulupnaylarimizning har bir kilogrammi 150 ming so‘mdan ortiq narxda xarid qilinmoqda. Mahallamizdagi savdo do‘koni orqali sotyapmiz, — deydi issiqxona egasi Qazoqova Mohidil Tilloevna. Uning aytishicha, mahsulotga bo‘lgan talab kun sayin ortib bormoqda.
Ayni paytda jo‘yaklarda ikkinchi terim hosili ham pishib yetilmoqda. Natijada 10 sotix tomorqa yeridan olinayotgan umumiy daromad 65–70 million so‘mni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich tomorqa yerlaridan unumli foydalanish orqali qisqa fursatda barqaror va yuqori daromadga erishish mumkinligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Mazkur tajriba boshqa xonadonlar uchun ham o‘rnak bo‘lib, mahallada tomorqachilik va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga ijobiy turtki bermoqda.








