Press-reliz
2025-09-26 18:00:00 / Press-relizlar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan 2025-yilning o‘tgan davrida 17 ta davlatning 105 ta vakolatli tashkilotlari bilan migratsiya sohasida muzokaralar tashkil qilindi.
Quvayt, Qatar, Latviya, Litva, Rossiya, Vengriya, Serbiya, Sloveniya, Slovakiya, Xorvatiya, Gruziya, Filippin, Avstriya, Bolgariya, Italiya, Koreya, Yaponiya kabi davlatlar shular jumlasidandir. Xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida Yevropa va Fors ko‘rfazi davlatlari, Rossiya, Yaponiya va Koreya davlatlarining vakolatli idoralari bilan 100 dan ortiq ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Migratsiya sohasida halqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida Quvayt, Fransiya, Italiya va Shvetsiya davlatlari bilan migratsiya yo‘nalishida hukumatlararo bitimlar imzolandi.
Strategik va uzoq muddatli hamkor davlatlar safidan Germaniya, Angliya, Yaponiya, Italiya, Shvetsiya, Bolgariya, Sloveniya o‘rin oldi. Ilk bor Makedoniya, Avstriya, Portugaliya, Niderlandiya, Yaponiya, Italiya davlatlarining yirik kompaniyalari bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatildi.
Shu kabi kelishuvlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri bu fuqarolarni chet tillari va kasbga o‘qitish hamda ularning kasbiy malakasini baholash yo‘nalishlarida xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.
Bugungi kunda “Ta’lim+ish” tamoyili asosida Germaniyaning 4 ta (Erfurt, KlettEDU, SBH, RekruitMed), Yaponiyaning 3 ta (Onodera, Proud partners, Office Wise), Koreyaning 1 ta (Hyundai), Bolgariyaning 1 ta (Scaffolding) xalqaro o‘quv markazlari 9 ta hududlarda tashkil etilib, 6 ta kasb va xorijiy tilga o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.
Bugun ushbu yo‘nalishdagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida yanada istiqbolli kelishuvlarga erishildi. Xususan, Migratsiya agentligining Xorazm viloyat hududiy filiali “Tоshkent Xalqaro Sertifikasiyalash Akademiyasi”, Latviya Respublikasining Riga shahridagi SIA “Sertification sentre” tashkiloti, Xorazm viloyati oliy ta’lim fan va innovatsiyalar boshqarmasi hamda uning tasarrufidagi Xiva shahar politexnikumi va Xorazm Qurilish kommunal xo‘jaligi texnikumi o‘rtasidagi Hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Ushbu kelishuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad – viloyatdagi 2 ta texnikum bazasida “Payvandlash”, “Santexnika ishlari ustasi” hamda “Avtokara xaydovchisi” yo‘nalishlarida fuqarolarni o‘qitish, shuningdek kasbiy malakasini baholash orqali xalqaro sertifikat (ISO 9606-1) berishni yo‘lga qo‘yishdan iborat. Muzokaralar davomida kelgusida hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish hamda sertifikatlash yo‘nalishlarini talabga qarab bosqichma-bosqich oshirib borishga kelishib olindi.
Tadbir doirasida Migratsiya agentligining Xorazm viloyat hududiy filiali bilan Urganch davlat universiteti o‘rtasida ham o‘zaro hamkorlik kelishuvi imzolandi. Ushbu kelishuv xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarni ish beruvchilarning talablari va xorij davlatlari standartlari asosida xorijiy tillarga o‘qitish orqali xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasiga jalb etishni ko‘zda tutadi.
Ikki tomonlama muzokaralar davomida universitet bilan dastlabki bosqichda nemis tilidan 10 oylik va koreys tilidan 6 oylik til kurslarini universitet bazaida muassasaning o‘z mablag‘lari hisobidan tashkil qilishga kelishib olindi.
Yuqoridagi kelishuvlarning bosh maqsadi – fuqarolarimizga yanada qulaylik yaratish, ularni ilg‘or xorijiy standartlar asosida yetuk mutaxassis qilib tayyorlasahdan iborat.









