O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Kozim Qayumov 70 yoshda!
2025-10-15 12:00:00 / Yangiliklar

Kecha, 14-oktyabr kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Kozim Qayumov 70 yoshni qarshi oldi.
Yubiley yoshi munosabati bilan tashkil etilgan kechaga madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirok etib, san’atkorni tabrikladi.
Shuningdek, mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, o‘zbek milliy madaniyati va san’ati nufuzini jahon miqyosida oshirishda fidokorona mehnat qilganligi, ko‘p yillik samarali mehnati bilan soha rivojiga qo‘shayotgan munosib hissasi uchun O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Kozim Qayumovga Madaniyat vazirligining “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishonini topshirdi.
Ma’lumot o‘rnida, 1955-yilning 14-oktyabrida Toshkent shahrida tavallud topgan Kozim Qayumov o‘rta maktabni a’lo baholarga tamomlab, Toshkent davlat san’at institutida rejissyorlik va aktyorlik mahorati bo‘yicha o‘qidi. U institutni imtiyozli tamomlab, ish faoliyatini O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi qoshidagi estrada simfonik orkestridan boshladi. Bu yerda u 30 yildan ortiq mehnat qildi. Kozim Qayumov 50 dan ortiq chet el safarlarida, qolaversa, respublikaning barcha viloyat va tumanlarida bo‘lib, o‘z san’ati bilan musiqa shaydolari mehrini qozondi. U 1995-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni bilan taqdirlandi. Kozim Qayumov ayni paytda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati institutida yosh talabalarga san’at sirlarini o‘rgatib, ko‘plab shogirdlarga “Vokal” qo‘shiqchiligi yo‘nalishidan saboq bermoqda.
Madaniyat vazirligi jamoasi Kozim Qayumovni tavallud ayyomi munosabati bilan muborakbod etadi.



