Vazirlik haqida
Madaniyat vazirligining asosiy ustuvor vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
madaniyat va san’at sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, unda ishtirok etuvchi davlat organlarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish hamda mazkur sohalarda qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish;
milliy madaniy va ma’naviy merosni asrab-avaylash hamda ko‘paytirish, san’at va badiiy ijodni har tomonlama rivojlantirish, xalqimizning ma’naviy-axloqiy va madaniy darajasini yanada yuksaltirishni rag‘batlantirish, uni milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalaridan bahramand etish borasida tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
aholining keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlar qalbi va ongiga mustaqillik, yuksak ma’naviyat, insonparvarlik an’analariga sadoqat, milliy o‘zlikni anglash g‘oyalarini yanada chuqur singdirish, radikalizm va ekstremizmdek yot g‘oyalarga qarshi immunitetni mustahkamlash, jamiyatning muttasil ortib borayotgan intellektual, estetik va madaniy ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilgan ommaviy-madaniy tadbirlarni o‘tkazishga qaratilgan ma’rifiy ishlarni amalga oshirish;
badiiy ijod, shu jumladan, teatr, musiqa, xoreografiya, estrada, sirk va xalq amaliy san’atini yanada rivojlantirishni rag‘batlantirish, xalqimiz tarixi va bugungi hayotining eng yorqin sahifalarini, mamlakatimizning erkin demokratik taraqqiyotini aks ettiruvchi asarlar yaratishda ijodiy jamoalarga, ayniqsa, ijodkor yoshlarga har tomonlama ko‘maklashish;
madaniyat muassasalari, jumladan, teatrlar, madaniyat markazlari, madaniyat va istirohat bog‘lari hamda boshqa madaniy-ma’rifiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning faoliyati samaradorligini oshirish, ma’naviy yetuk, intellektual barkamol va yuksak madaniyatli shaxslarni tarbiyalash ishida ushbu muassasalar imkoniyatlaridan yanada to‘liq foydalanish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari, ijodiy uyushmalar va boshqa tashkilotlar bilan faoliyatning asosiy vazifalari hamda yo‘nalishlarini, madaniy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirishda, madaniyat va ijodiy muassasalar ishining samaradorligini ta’minlashda mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
madaniyat sohasida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayonini milliy va umuminsoniy qadriyatlar, insonparvarlik va yuksak ma’naviyat ruhida takomillashtirish, moddiy rag‘batlantirish, bunda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalaridan, ilg‘or xalqaro tajribadan foydalanish, madaniy-ma’rifiy muassasalar va ta’lim muassasalarini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash;
davlatlararo va xalqaro madaniy aloqalarni kengaytirish hamda mustahkamlash, mamlakatimizning madaniy merosini, ijodiy jamoalari va mualliflari asarlarini, jumladan, konferensiyalar va ko‘rgazmalar, madaniy tadbirlar va anjumanlar o‘tkazish yo‘li bilan chet ellarda keng targ‘ib qilish, madaniyat sohasiga xorijiy investisiyalar va grantlar jalb etish, shuningdek, madaniyat sohasiga oid ommaviy adabiyotlarni chop etish, video va kino materiallar tayyorlash;
jamiyatda millatlararo hamjihatlik va bag‘rikenglikni ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatini izchil amalga oshirish, do‘stlik va ko‘pmillatli yagona oila tuyg‘usi muhitini mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash;
millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirish va uyg‘unlashtirishga bag‘ishlangan ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qilishda ko‘maklashish.
Vazirlik o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) madaniyat va san’at sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, unda ishtirok etuvchi davlat organlarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish hamda mazkur sohalarda qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish sohasida:
madaniyat tizimi faoliyatini tashkil etish va yaxshilash masalalarida davlat boshqaruvini amalga oshiradi;
yagona davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlariga, shu jumladan, madaniyat tizimini yanada rivojlantirishni nazarda tutuvchi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni, shuningdek, ularni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqishga doir takliflarni ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq boshqa hujjatlarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi va himoya qiladi;
vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning madaniyat va san’at sohasidagi ishlarini muvofiqlashtiradi;
Vazirlik vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha qonunchilik hujjatlariga rioya qilish monitoringini yuritadi, uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi va ularni ko‘rib chiqish uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;
normativ-huquqiy hujjatlarning o‘z vaqtida ijro etilishiga qaratilgan zarur tadbirlarni ishlab chiqadi va (yoki) choralar ko‘radi;
normativ-huquqiy hujjatlar matnlarining tarqatilishini ta’minlaydi, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlarning ijrochilarga yetkazilishi hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishiga doir ishlarni boshqa davlat organlari hamda tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etadi;
normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash uchun o‘z xodimlarini tayyorlashni, qayta tayyorlashni hamda ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;
normativ-huquqiy hujjatlarning tizimlashtirilgan hisobini belgilangan tartibda yuritadi;
Vazirlik tizimiga kiradigan idoraviy mansub tashkilotlarni rivojlantirish istiqbollarini prognozlashtiradi, davlat dasturlarini va hududiy dasturlarni ishlab chiqadi;
hududiy madaniyat organlari va idoraviy mansub tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
Vazirlik tizimi mutaxassislariga qo‘yiladigan malaka talablari bajarilishi ustidan idoraviy nazoratni tashkil etadi;
Vazirlik tizimidagi ta’lim muassasalari faoliyatiga metodik rahbarlik qiladi;
axborot texnologiyalarini va moliyaviy nazoratning e’tirof etilgan xalqaro standartlarini joriy etish yo‘li bilan hududiy madaniyat organlari va idoraviy mansub tashkilotlarda byudjet qonunchiligi buzilishi profilaktikasi va uning oldini olishga qaratilgan moliyaviy nazoratni amalga oshiradi;
rivojlanish tendensiyalari va istiqbollarini belgilaydi, madaniyat sohasining holatini qiyosiy tahlil qiladi;
Vazirlik tizimidagi ta’lim muassasalari tarmog‘i faoliyat ko‘rsatishining ta’lim bilan bog‘liq va ijtimoiy samaradorligini tahlil qiladi, uni maqbullashtirishga doir takliflarni ishlab chiqadi;
dramatik, musiqali, musiqali-dramatik asarlar, tasviriy va amaliy san’at va haykaltaroshlik asarlari yaratishga davlat buyurtmalarini amalga oshiradi;
madaniyat va san’atni rivojlantirish bo‘yicha maqsadli dasturlarni, madaniyat va san’at sohasiga taalluqli dasturiy-metodik hujjatlarni ishlab chiqadi hamda belgilangan tartibda tasdiqlaydi, ularning to‘g‘ri bajarilishini ta’minlaydi;
b) milliy madaniy va ma’naviy merosni asrab-avaylash va ko‘paytirish, san’at va badiiy ijodni har tomonlama rivojlantirish, xalqimizning ma’naviy-axloqiy va madaniy darajasini yanada yuksaltirishni rag‘batlantirish, uni milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalaridan bahramand etish borasida tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish sohasida:
respublika ijro etuvchi hokimiyatning boshqa organlari bilan birgalikda madaniyat va san’at arboblarini ijtimoiy muhofaza qilish masalalarini hal etadi;
aholining keng qatlamlari orasida madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda mamlakatning davlat va nodavlat notijorat tashkilotlariga ko‘maklashadi;
milliy madaniy va ma’naviy merosni asrab-avaylash va ko‘paytirish, san’at va badiiy ijodni har tomonlama rivojlantirish choralarini ko‘radi;
aholining ma’naviy-axloqiy va madaniy darajasini yanada yuksaltirishni rag‘batlantiradi;
aholini milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalaridan bahramand etish borasida tizimli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
barcha mavjud davlat madaniyat tashkilotlarini xatlovdan o‘tkazadi;
sohada davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish choralarini ko‘radi;
davlat organlari tomonidan davlat tadbirlari va boshqa tadbirlarga ijodkorlar va ijrochilar jamoatchilik asosida jalb qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi choralarini ko‘radi;
notalar to‘plamlari va maxsus musiqiy adabiyotlar O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan chop etilishini va ularning ta’lim muassasalariga to‘liq yetkazilishini ta’minlaydi;
madaniyat va san’at sohasidagi ulkan yutuqlar uchun mukofotlar ta’sis etish va O‘zbekiston Respublikasi faxriy unvonlarini berish to‘g‘risidagi takliflarni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda kiritadi;
sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
jurnallar, blankalar, o‘quv-metodik komplekslar, byulletenlar nashr etilishini va Vazirlik tizimi faoliyatiga taalluqli bo‘lgan o‘quv qo‘llanmalari e’lon qilinishini, shuningdek, Vazirlikning veb-sayti ishini tashkil etadi;
v) aholining keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlar qalbi va ongiga mustaqillik, yuksak ma’naviyat, insonparvarlik an’analariga sadoqat, milliy o‘zlikni anglash g‘oyalarini yanada chuqur singdirish, radikalizm va ekstremizmdek yot g‘oyalarga qarshi immunitetni mustahkamlash, jamiyatning muttasil ortib borayotgan intellektual, estetik va madaniy ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilgan ommaviy-madaniy tadbirlarni o‘tkazishga qaratilgan ma’rifiy ishlarni amalga oshirish sohasida:
xalqimiz, ayniqsa, yoshlar qalbida milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, ona Vatanga muhabbat, buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi immunitetni yanada kuchaytirishda teatr san’atining rolini oshirish choralarini ko‘radi;
kompozitor, bastakor va sozandalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, havaskorlar orasidan iste’dodli ijrochilarni aniqlash maqsadida turli darajadagi ko‘rik-tanlovlarni o‘tkazadi;
an’anaviy musiqa janrlarini yangi shart-sharoitlarda takomillashtirish maqsadida «ustoz-shogird» an’anasini yanada rivojlantiradi;
milliy va jahon kompozitorlari ijodiyotini insoniyat intellektual xazinasi sifatida xalq orasida keng targ‘ib qilish, zamonaviy ruhda yuksak badiiy asarlar yaratishni rag‘batlantiradi, katta musiqiy asarlar, jumladan, opera, simfoniya, konsert va oratoriya kabi mumtoz janrlarni rivojlantiradi;
«ustoz va shogird» an’anasi asosida milliy raqs sohasidagi yetuk raqs ustalari, iste’dodli va yuqori malakali ijrochilarning raqs maktablarini yaratish, ularning uslublarini tiklash va rivojlantirish choralarini ko‘radi;
milliy va umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘unlikda milliy raqs va xoreografiya san’atini badiiy jihatdan rivojlantiradi;
avloddan avlodga noyob meros sifatida o‘tib kelayotgan jozibali raqs namunalarini to‘plash va boyitishni amalga oshiradi, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ongiga bu bebaho boyliklarga chuqur hurmat va havas tuyg‘ularini singdiradi;
xalq ustalarining o‘ziga xos uslubi va maktabini davom ettirishda, atoqli madaniyat va san’at arboblari bilan tajriba almashishda «ustoz-shogird» an’anasidan samarali foydalanishni ta’minlaydi, shuningdek, ijodiy ustaxonalar faoliyatini kuchaytiradi;
xalq amaliy san’ati an’analarini saqlash va rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi, xalq hunarmandchiligini qo‘llab-quvvatlaydi;
yurtimiz va xorijda keng ko‘lamdagi ko‘rgazmalar tashkil etish orqali milliy san’atimiz yutuqlarini dunyo jamoatchiligiga tanitish choralarini ko‘radi;
buyuk rassomlar, xalq ustalari va rassomlari, san’at arboblari va iste’dodli yosh ijodkorlarning sara asarlarini ommalashtiradi;
madaniyat markazlarida xalq badiiy havaskorlik va ijrochilik san’atini rivojlantirishga, ularning shakl va usullarini takomillashtirishga ko‘maklashadi;
joylarda madaniy-ma’rifiy faoliyatning samarali usullarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, ilg‘or tajribalarni umumlashtirishga va targ‘ib qilishga ko‘maklashadi;
g) badiiy ijod, shu jumladan, teatr, musiqa, xoreografiya, estrada, sirk va xalq amaliy san’atini yanada rivojlantirishni rag‘batlantirish, xalqimiz tarixi va bugungi hayotining eng yorqin sahifalarini, mamlakatimizning erkin demokratik taraqqiyotini aks ettiruvchi asarlar yaratishda ijodiy jamoalarga, ayniqsa, ijodkor yoshlarga har tomonlama ko‘maklashish sohasida:
madaniyatshunoslik, teatrshunoslik, san’atshunoslik, musiqashunoslikni va ushbu sohadagi boshqa ilmiy yo‘nalishlarni rivojlantiradi;
teatr, musiqa, xoreografiya, estrada, sirk va xalq amaliy san’atini rivojlantirishni ta’minlaydi;
xalqimiz tarixining eng yorqin sahifalarini, uning hozirgi hayotini, mustaqil rivojlanish tajribasini aks ettiruvchi asarlar yaratishda ijodiy jamoalarga har tomonlama yordam beradi;
tarixiy shaxslar, zamonamiz qahramonlari obrazlarini yaratish, teatr asarlarining g‘oyaviy-badiiy darajasini ko‘tarish, xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirish, teatr tanqidchiligini kuchaytirish choralarini ko‘radi;
yosh kompozitorlar, bastakorlar, musiqashunoslar va ijrochilarning ijod bilan samarali shug‘ullanishlari uchun barcha imkoniyat va sharoitlarni kengaytiradi;
milliy raqs san’atining noyob merosini, shu jumladan, milliy qadriyatlarni aks ettiruvchi sahna liboslarini saqlab qolish, tiklash va yangilarini yaratish ishlarini olib boradi;
mamlakatimizning barcha hududlaridagi raqs yo‘nalishlarini asrash va avaylash choralarini ko‘radi, xalqimizga estetik zavq bag‘ishlovchi zamonaviy o‘zbek raqs maktabini yaratadi;
iste’dodli estrada xonandalarini aniqlash va ularning ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtiradi;
milliy raqs san’atining rivojlanish bosqichlarini ilmiy jihatdan chuqur o‘rganadi;
tasviriy va amaliy san’at, dizayn va xalq hunarmandchiligi sohalarida iste’dodli ijodkorlarni barvaqt aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash, ijodkorlarning badiiy salohiyatini oshirish tizimini takomillashtiradi;
Milliy estrada san’atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi bilan birgalikda respublika konsert saroylari, konsert zallari va stadionlarida o‘tkaziladigan madaniy-ma’rifiy hamda konsert tadbirlarining tematik, repertuar rejalari va dasturlarini takomillashtirishga doir ishlarning muvofiqlashtirilishini ta’minlaydi;
chet ellarda o‘qiyotgan va samarali ijodiy faoliyat ko‘rsatayotgan ijodkor yoshlarning respublikada o‘tkaziladigan ko‘riklar, tanlovlar hamda festivallarda qatnashishini ta’minlaydi;
iqtidorli yoshlar va san’at arboblarining ijodiy safarlarini tashkil qilishni hamda ularning xalqaro ko‘lamda va respublika miqyosida madaniyat va san’at sohasida o‘tkaziladigan ko‘riklar, tanlovlar, festivallarda va boshqa anjumanlarda ishtirok etishini ta’minlaydi;
Vazirlik tizimiga kiruvchi madaniyat tashkilotlarining jamoalari va yakkaxon ijrochilarining gastrol-konsert faoliyatini, shu jumladan, chet ellardagi gastrol-konsert faoliyatini tashkil qiladi;
d) madaniyat muassasalari, jumladan, teatrlar, madaniyat markazlari, madaniyat va istirohat bog‘lari hamda boshqa madaniy-ma’rifiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning faoliyati samaradorligini oshirish, ma’naviy yetuk, intellektual barkamol va yuksak madaniyatli shaxslarni tarbiyalash ishida ushbu muassasalar imkoniyatlaridan yanada to‘liq foydalanish sohasida:
Vazirlik, hududiy madaniyat organlari va idoraviy mansub tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va rivojlantirish masalalariga umumiy rahbarlik qiladi;
Vazirlik, hududiy madaniyat organlari va idoraviy mansub tashkilotlarda binolar va inshootlardan foydalanish masalalarini muvofiqlashtiradi;
ta’mirlash-tiklash, qurilish ishlarini, shuningdek, Vazirlik, hududiy madaniyat organlari va idoraviy mansub tashkilotlarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha ishlarni, Vazirlik, hududiy madaniyat organlari va idoraviy mansub tashkilotlar binolari va inshootlarining joriy ish holatini saqlashni tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
Vazirlik, hududiy madaniyat organlari va idoraviy mansub tashkilotlarning ehtiyojlarini aniqlaydi va har yili ularni jihozlash (qayta jihozlash) dasturlarini ishlab chiqadi;
manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda zamonaviy hududiy madaniyat organlari va idoraviy mansub tashkilotlarni qurish bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
O‘zbekiston Respublikasining investisiya dasturlariga kiritilgan madaniyat ob’yektlarida har yili olib boriladigan qurilish-ta’mirlash ishlarining tizimli monitoringini olib boradi;
madaniyat va san’at muassasalari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiqlashtiradi;
zamon talablari va xalqaro standartlarga mos yangi ko‘ngilochar markazlar, madaniyat va istirohat bog‘larini barpo etadi;
mahalliy madaniyat va san’at muassasalarini jahon madaniy makoniga puxta integratsiya qiladi;
mamlakatimizning ijobiy qiyofasini shakllantirishda boy tarixiy-madaniy merosdan hamda madaniyat va san’atning zamonaviy yo‘nalishlaridan samarali va to‘liq foydalanish choralarini ko‘radi;
madaniyat sohasidagi muammolarni aniqlash bo‘yicha jamoatchilik fikri o‘rganilishini tashkil etadi;
ye) davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jumladan, mahalliy hokimiyat idoralari, jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari, ijodiy uyushmalar va boshqa tashkilotlar bilan faoliyatning asosiy vazifalari hamda yo‘nalishlarini, madaniy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirishda, madaniyat va ijodiy muassasalar ishining samaradorligini ta’minlashda mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish sohasida:
zamonaviy pyesalar, milliy mumtoz, jahon klassik asarlari asosida teatrlarning uzoq muddatli repertuarini shakllantiradi, teatrlarning mahalliy va xorijiy davlatlardagi gastrol faoliyatini tizimli amalga oshiradi;
avloddan avlodga o‘tib kelayotgan milliy musiqa merosimizni asrab-avaylash, yangi sharoitlarda rivojlantirish va ulardan xalqimizni bahramand qilish uchun keng imkoniyatlar yaratish ishlarini olib boradi;
milliy qadriyatlar asosida estrada qo‘shiqchilik san’atini yanada rivojlantiradi va targ‘ibotini kuchaytiradi;
aholining madaniy ehtiyojlarini qanoatlantirishga, yoshlarni yuqori saviyadagi milliy estrada qo‘shiqlari namunalari asosida tarbiyalashga yo‘naltirilgan ommaviy-madaniy tadbirlar, konsertlar va gastrollarni tizimli tashkil etadi;
musiqa va san’at maktablarida «ustoz-shogird» an’analarini rivojlantiradi hamda taniqli san’atkorlar ishtirokida ijodiy uchrashuvlar tashkil etadi;
ijodiy birlashmalar, jamoalar va yakkaxon ijrochilarning faoliyati, repertuarlari va ssenariylarining g‘oyaviy va badiiy saviyasini oshirish ishlarini olib boradi;
nomoddiy madaniy merosni har tomonlama muhofaza qilish, keng jamoatchilikni jalb etgan holda uning namunalarini aniqlash, ro‘yxatlarga kiritish, raqamlashtirish, targ‘ib qilish va saqlashni tashkil etadi;
madaniyat va istirohat bog‘lari hamda madaniyat markazlarining moddiy-texnik bazasini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish choralarini ko‘radi;
madaniyat va istirohat bog‘larining qiyofasini tubdan qayta ko‘rib chiqish, ularda xalq sayillarini doimiy o‘tkazish tizimini yaratish, attraksion va o‘yin qurilmalarning madaniyat va istirohat bog‘larining tabiiy va landshaft xususiyatlariga mosligini ko‘rib chiqadi;
madaniyatning turli yo‘nalishlari bo‘yicha turizmning imkoniyatlarini kengaytiradi;
respublika hududlarining o‘ziga xos jihatlarini inobatga olib turizmni rivojlantirish borasidagi loyihalar doirasida muhim o‘rin tutadigan yangi madaniy sayyohlik yo‘nalishlarini yaratish va rivojlantirish choralarini ko‘radi;
madaniyat va san’at sohasida milliy brendlarni yaratishga va ularning xalqaro turizm bozorlariga kirib borishiga kompleks yondashadi, shuningdek, madaniyat sohasida xalqaro tanlov va festivallar o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlash ishlarini olib boradi;
ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash chora-tadbirlarini ko‘radi;
jahon ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlarini, xorijiy mamlakatlarda madaniyat va san’atni rivojlantirishning ilg‘or tajribasini umumlashtiradi va ushbu yutuqlarning sohada joriy etilishini ta’minlaydi;
ko‘zi ojiz va ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan shaxslar uchun maxsus axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatish, ularning muqobil shakldagi o‘quv materiallaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish orqali bilim saviyasini oshirishni tashkil etadi;
manfaatdor vazirliklar, idoralar, tashkilotlar bilan birgalikda madaniyat va san’at sohasida ilmiy tadqiqotlar rivojlanishiga ko‘maklashadi;
ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etadi va ushbu ishlar olib borilishini muvofiqlashtiradi;
j) madaniyat sohasida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayonini milliy va umuminsoniy qadriyatlar, insonparvarlik va yuksak ma’naviyat ruhida takomillashtirish, moddiy rag‘batlantirish, bunda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalaridan, ilg‘or xalqaro tajribadan foydalanish, madaniy-ma’rifiy muassasalar va ta’lim muassasalarini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash sohasida:
Vazirlik markaziy apparati, hududiy madaniyat organlari va idoraviy mansub tashkilotlarni malakali kadrlar bilan ta’minlaydi;
har yili oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish borasida madaniyat va san’at sohasida takliflarni shakllantiradi;
o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqishga, pedagogik texnologiyalarni Vazirlik tizimidagi ta’lim muassasalarining o‘quv-tarbiyaviy jarayoniga istiqbolli joriy etishga ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarini, pedagogik jamoatchilikni jalb etish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiradi;
madaniyat sohasida mutaxassislarni ma’naviy va moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha kasb mahorati tanlovlari o‘tkazadi, tegishli chora-tadbirlarni belgilaydi;
ta’lim, ilmiy-tadqiqot, xorijiy va xalqaro tashkilotlar ishtirokida uzoq muddatli dasturlar, loyihalar, rejalarni ishlab chiqadi, ularni bajarish bo‘yicha asosiy talablarni belgilaydi;
kadrlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, insonparvarlik va yuksak ma’naviyat ruhida tayyorlash jarayonini tashkil qiladi;
aholining madaniy saviyasini oshirishga intilishini rag‘batlantiradi;
aholini milliy, jahon madaniyati va san’atining eng yaxshi namunalaridan bahramand etish ishlarini amalga oshiradi;
Vazirlik tizimi kadrlari malakasini oshirishni, ularni qayta tayyorlashni, tajriba orttirishlarini va attestatsiyadan o‘tkazishni ta’minlaydi;
mamlakatimiz ta’lim muassasalarida dars berish va mahorat darslarini o‘tish uchun respublika va xorijiy mamlakatlarning taniqli ijrochilarini hamda madaniyat va san’at arboblarini, yetuk pedagog-mutaxassislarini taklif qiladi;
madaniyat va san’at bo‘yicha o‘quv dasturlari, qo‘llanmalar va boshqa ilmiy-metodik adabiyotlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi, shuningdek, ularni tasdiqlaydi;
sohada professional malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shu jumladan, pedagog kadrlarning salohiyatini oshirish tizimini takomillashtiradi;
maktabgacha ta’lim muassasalarida boshlang‘ich musiqa tushunchalarini shakllantiruvchi (folklor musiqa, akademik mumtoz musiqa, estrada musiqasi) maxsus adabiyotlar yaratilishini ta’minlaydi va bolalar ijro repertuarini shakllantiradi;
sohadagi boshlang‘ich, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarida ta’limning uzviyligi va davomiyligini ta’minlash hamda ta’lim sifatini oshirish choralarini ko‘radi, uning pirovardida iste’dodli ijodkorlarni yetishtiradi;
sohada ilmiy tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etish hamda san’at ahlining mehnat va ijod sharoitini yaxshilash choralarini ko‘radi;
jahonning mashhur madaniyat va san’at muassasalari bilan tajriba almashish va malaka oshirish tizimini kengaytiradi;
xorijiy va milliy an’anaviy ta’lim tizimining eng yaxshi yutuqlaridan, shuningdek, sohada ta’limni rivojlantirishga asoslangan texnologiyalardan keng foydalanish choralarini ko‘radi;
Vazirlik markaziy apparati, hududiy madaniyat organlari va idoraviy mansub tashkilotlar xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;
idoraviy mansub tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishda va ularni axborot bilan ta’minlashda, maslahat berish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashda hamda boshqa yordam turlarini ko‘rsatishda ularga ko‘maklashadi;
z) davlatlararo va xalqaro madaniy aloqalarni kengaytirish hamda mustahkamlash, mamlakatimizning madaniy merosini, mamlakatimiz ijodiy jamoalari va mualliflari asarlarini, jumladan, konferensiyalar va ko‘rgazmalar, madaniy tadbirlar va anjumanlar o‘tkazish yo‘li bilan chet ellarda keng targ‘ib qilish, madaniyat sohasiga xorijiy investisiyalar va grantlar jalb etish, shuningdek, madaniyat sohasiga oid ommaviy adabiyotlarni chop etish, video va kino materiallar tayyorlash sohasida:
madaniyat tizimida xalqaro aloqalarni kengaytirish va uning samaradorligini oshirishga ko‘maklashadi, madaniyat masalalari bo‘yicha xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar va hamkorlik o‘rnatadi;
madaniyat va san’at sohasida hamkorlik bo‘yicha xalqaro loyihalarni ishlab chiqadi, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bajarilishini ta’minlaydi;
respublikada va xorijiy mamlakatlarda professional san’at va havaskorlik san’ati festivallari, ko‘rik-tanlovlar, shuningdek, ko‘rgazmalar o‘tkazilishini tashkil qiladi;
ijodiy jamoalar, madaniyat va san’at mutaxassislarini, arboblarini ularning idoraviy mansubligidan qat’i nazar, xalqaro tanlovlar, festivallarda va chet ellardagi boshqa tadbirlarda qatnashishini ta’minlaydi;
milliy kino mahsulotlarini keng targ‘ib qilishga va ularning xalqaro kinofestivallarda munosib o‘rin egallashlariga ko‘maklashadi;
tarixiy haqiqat va real voqelikni yorqin aks ettiruvchi hujjatli va ilmiy-ommabop filmlar yaratish tizimini takomillashtirishda ishtirok etadi;
kino muassasalarining moddiy-texnika bazasini zamon talablari asosida mustahkamlash va jihozlashga ko‘maklashadi;
xalqaro madaniy aloqalarini yo‘lga qo‘yadi va rivojlantiradi;
i) jamiyatda millatlararo hamjihatlik va bag‘rikenglikni ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatini izchil amalga oshirish, do‘stlik va ko‘pmillatli yagona oila tuyg‘usi muhitini mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash sohasida:
millatlararo totuvlikning oliyjanob an’analarini, jamiyatda do‘stlik va hamjihatlik muhitini asrab-avaylashni, millati, irqi va diniy e’tiqodidan qat’i nazar har bir fuqaro ongida ko‘pmillatli yagona oila tuyg‘usini mustahkamlashga ko‘maklashadi;
yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularni avloddan avlodga o‘tib kelayotgan umummilliy qadriyatlar, an’ana va urf-odatlarni saqlash va rivojlantirishga undash, millatchilik va ekstremistik g‘oyalarga nisbatan mafkuraviy immunitetga ega bo‘lgan istiqlol g‘oyalariga sadoqatli, barkamol, ma’naviy boy, mukammal avlodni shakllantirishda ko‘maklashadi;
jahon hamjamiyatida mamlakatimizning o‘tmish boy tarixi hamda mamlakatimiz rivojining bugungi bosqichidagi ijobiy yutuqlar haqida haqqoniy tasavvur hosil bo‘lishiga ko‘maklashadi;
k) millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirish va uyg‘unlashtirishga bag‘ishlangan ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qilishda ko‘maklashish sohasida:
xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda bevosita ishtirok etadi;
mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda millatlararo munosabatlar sohasidagi ilmiy izlanish loyihalari uchun grantlar ajratadi;
millatlararo munosabatlar yo‘nalishidagi xalqaro ilmiy konferensiyalarda ishtirok etadi va hamkorlar bilan o‘zaro tajriba almashadi;
Vazirlik o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita, shuningdek, o‘zining hududiy madaniyat organlari, o‘ziga idoraviy mansub boshqa tashkilotlar orqali amalga oshiradi.
Vazirlik qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajarishi mumkin.