PRESS-RELIZ: Saudiya Arabistoni Podshohligida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” o‘tkazilmoqda
2025-09-29 12:45:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda izchil rivojlanib bormoqda, ayniqsa madaniy-gumanitar soha yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarning huquqiy asosi 1995-yil 18-noyabrda imzolangan “Savdo, iqtisod, investitsiyalar, texnika, madaniyat, sport va yoshlar ishlari sohalarida hamkorlik qilish to‘g‘risida Bitim”ga borib taqaladi.
Shu asosda, 2025-yil 2–11-oktyabr kunlari Saudiya Arabistoni Podshohligida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur tadbir O‘zbekiston madaniy merosi, san’ati va milliy qadriyatlarini xalqaro miqyosda targ‘ib etishga qaratilgan.
Tadbir dasturidan o‘rin olgan asosiy yo‘nalishlar quyidagilardan iborat:
- O‘zbekiston san’at ustalari ishtirokida konsert dasturlari;
- Milliy taomlar, hunarmandchilik buyumlari va madaniy pavilon ko‘rgazmalari;
- Noyob qo‘lyozmalarning nusxalari, kitob va milliy adabiyot namunalari ko‘rgazmasi.
Tadbir Saudiya Arabistoni Podshohligining Ar-Riyod shahridagi Riyadh International Book Fair majmuasi va Malika Nurah Bint Abdulrahmon universiteti maydonida tashkil etilmoqda.
Bu kabi tadbirlar madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash, ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro tushunish va do‘stlik rishtalarini yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Tarixiy izoh:
“O‘zbekiston madaniyati kunlari” dastlab 2011-yil 25–31-mart kunlari Saudiya Arabistoni Podshohligida tashkil etilgan edi. O‘shanda “O‘zbekiston – Vatanim manim” nomli amaliy san’at va foto ko‘rgazmasi, shuningdek, milliy kuy-qo‘shiqlarimizning sara namunalarini o‘z ichiga olgan konsert dasturlari Ar-Riyod va Jidda shaharlarida bo‘lib o‘tgan edi.
Shuningdek, saudiyalik madaniyat vakillari O‘zbekistonda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, “Maqom” anjumani, “Lazgi” xalqaro raqs festivali kabi nufuzli tadbirlarda muntazam faol ishtirok etib kelmoqda.
