Xitoyning Shinjon uyg‘ur avtonom rayoni Yozuvchilar va rassomlar uyushmasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2025-08-28 12:00:00 / Yangiliklar

Kuni kecha Madaniyat vazirligida Xitoyning Shinjon uyg‘ur avtonom rayoni Yozuvchilar va rassomlar uyushmasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda, O‘zbekiston madaniyat vazirining Xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shohrux Akbarov boshchiligidagi delegatsiya hamda Shinjon uyg‘ur avtonom rayonining Yozuvchilar va rassomlar uyushmasi raisi o‘rinbosari Den Syuanbin boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda, ikki davlat o‘rtasidagi madaniy hamkorlikning hozirgi yuqori darajasi e’tirof etildi.
Shuningdek, vazir maslahatchisi tomonidan O‘zbekiston va Xitoy aloqalari nafaqat iqtisodiy yo‘nalishda, balki madaniy yo‘nalishda ham jadallik bilan rivojlanib borayotganligi, buni ikki davlatda tashkil etilayotgan madaniy tadbirlarda O‘zbekiston va Xitoy badiiy jamoalarining doimiy ishtiroki, hamda vazirliklar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikda ko‘rish mumkinligi alohida ta’kidladi.
Shuningdek, mazkur yo‘nalishda Shinjon-uyg‘ur avtonom rayoni bilan madaniy hamkorlik alohida o‘rin egallaydi.
Eslatib o‘tamiz: 2024-yilning iyun oyida Jizzax viloyati, Zomin tumanida bo‘lib o‘tgan Xalqaro maqom festivalida Shinjon-uyg‘ur avtonom rayonining "Makom" jamoasi faol ishtirok etgan edi. Shuningdek, joriy yilning iyul oyida "Tumor" raqs ansamblining Shinjon-uyg‘ur avtonom rayonida tashkil etilgan "Raqs dastasi" nomli festivalda faol ishtirok etib qaytgan edi.
Suhbat yakunida, ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida yangi madaniy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, badiiy jamoalarning tashrifini kengaytirish orqali madaniy almashinuvni rivojlantirishga kelishib olindi.
Ma’lumot uchun: Xitoy Xalq Respublikasining Toshkent shahridagi Elchixonasi notasida qayd etilgan Shinjon uyg‘ur avtonom rayonining Yozuvchilar va rassomlar uyushmasi raisi o‘rinbosari Den Syuanbin boshchiligidagi delegatsiyasi joriy yilning 25-avgust kuni Toshkent fotosuratlar uyida “Go‘zal Xitoy: Shinjon san’ati go‘zalligi” nomli ko‘rgazmani tashkil etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurgan.


