O'zbek rejissyori xalqaro festivalda
2024-03-01 15:20:00 / Yangiliklar
O'zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri rejissyori Shuhrat Ibragimov “Butun dunyo yoshlar festivali-2024” (ВФМ-2024) xalqaro forumida ishtirok etadi.
Festival 2-mart kuni Rossiyaning Sochi shahrida bo'lib o'tadi. Unda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog'iston, Qirg'iziston, O'zbekiston, Tojikiston, Rossiya, Moldaviya kabi 34 mamlakatdan ijodkorlar tashrif buyuradi.
Festival dasturida yosh ijodkorlar laboratoriyasida xalqaro konferensiya, malaka oshirish darslari, davra suhbatlari tashkil etiladi.
Dasturda Xalqaro davlat fondi ko'magida butunjahon teatrlar uyushmasi konfederatsiyasi A.P.Chexov nomidagi MDH mamlakatlari rejissyorlari laboratoriyasi tomonidan sahnalashtirilgan “Chexov” eksperiment spektakli namoyish etiladi.
Hozirda spektaklga tayyorgarlik jarayonlari ketmoqda. Laboratoriyada tahsil olayotgan yosh rejissyorlar qatorida O'zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri rejissyori Shuhrat Ibragimov ham faol ishtirok etmoqda.
Mazkur festival dasturi eksperiment uslubiga tayangan bo'lib, barcha yosh rejissyorlar laboratoriyada spektaklni sahnalashtirishadi. Rossiya san’at arbobi Vladimir Pankov rahbarligida mahorat darslari o'tkaziladi. Festivalning yopilish marosimida mazkur spektakl xalqaro doirada premyera qilinadi.
