Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan artist Sahib Pashazadega "O‘zbek madaniyati elchisi" maqomi berildi
2025-07-01 22:00:00 / Yangiliklar
Avvalroq, xabar berilganidek ayni kunlarda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov xizmat safari bilan Ozarbayjon Respublikasida bo‘lib turibdi.
Vazir Ozodbek Nazarbekov Ozarbayjondagi xizmat safari davomida Ozarbayjon xalqaro maqom markazi direktori, Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan artist Sahib Averdi og‘lu Pashazadega "O‘zbek madaniyati elchisi" ko‘krak nishoni va maxsus sertifikatni Ozarbayjon madaniyat vaziri Adil Kerimli bilan birgalikda tantanali topshirdi.
Ma’lumot uchun: Sahib Averdi og‘lu Pashazade 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasining Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Sharq taronalari” XI xalqaro musiqa festivalining bosh sovrini–Gran-pri sohibi bo‘lgan. 2017-2024-yillar davomida O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, O‘zbekiston San’at va madaniyat instituti, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutlarida o‘zining doimiy mahorat va o‘quv darslarini o‘tkazib ko‘plab shogirdlar yetishtirgan mahoratli ustoz hisoblanadi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Sahib Pashazadeni o‘zbek milliy madaniyatini xorijiy davlatlarda faol targ‘ib etish va ommalashtirishga qo‘shgan hissasini yuqori baholab, unga mazkur maqom ikki qardosh xalq o‘rtasidagi madaniy ko‘prik vazifasini bajarishini ma’lum qilindi,
Qayd etish joizki, hozirgi kunga qadar AQSH, Yaponiya, Qatar davlatlarida "O‘zbek madaniyati elchilari" tayinlangan bo‘lib, ular tomonidan o‘zbek milliy madaniyatini ommalashtirish, mahalliy aholi orasida O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishni orttirish hamda madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
