Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti tashabbusi bilan tashkil etilgan davra suhbatida madaniyat sohasidagi to‘garaklarga yoshlarni jalb etishning dolzarb masalalari muhokama qilindi
2024-02-23 20:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 23-fevral kuni Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti tashabbusi bilan Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hamkorligida “Madaniyat sohasidagi to‘garaklarga yoshlarni jalb etishning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati tashkil qilindi.
Unda senatorlar, Yoshlar parlamenti aʼzolari, Madaniyat vazirligining respublika va hududiy tuzilmalar masʼullari, mutasaddi vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbati madaniyat sohasida faoliyat yuritayotgan to‘garaklar holatini tahlil qilish, mazkur yo‘nalishdagi muammo va kamchiliklarni aniqlash, ularga yoshlarni keng jalb qilish, bu borada mutlaqo yangi yondashuv yaratish borasida fikr almashish maqsadida tashkil etildi.
Davra suhbati davomida bundan bir necha oy oldin Yoshlar parlamenti aʼzolari hududlarda madaniyat sohasidagi to‘garaklar faoliyatini o‘rganganiga to‘xtaldi va o‘rganish natijalari haqida qisqacha axborot berib o‘tdi. Shuningdek, davra suhbatida senatorlar, soha mutaxassislari va ekspertlar maʼruzalari tinglandi.
Taʼkidlanganidek, Madaniyat vazirligi tizimida 837 ta madaniyat markazi faoliyat olib boradi. Ularda 4 mingga yaqin to‘garak va 270 ta kurs tashkil etilgan bo‘lib, qariyb 44 ming yoshlarni qamrab olgan. Ularda 2 977 nafar to‘garak rahbarlari faoliyat olib boradi.
Shuningdek, “Maktabda madaniyat markazi” loyihasi doirasida umumiy o‘rta taʼlim maktablarida (madaniyat markazlarining ijodiy xodimlari bilan hamkorlikda) 1 377 ta to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Tadbirda Bolalar musiqa va sanʼat maktablari faoliyatiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanganidek, bugungi kunda respublikada 325 ta bolalar musiqa va sanʼat maktablari faoliyat olib bormoqda. Ularda taʼlim 14 ta yo‘nalishda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 90 ming bola qamrab olingan. Musiqa maktablarida 13 mingdan ziyod pedagoglar faoliyat olib bormoqda.
Davra suhbatidagi muhokama va savol-javoblar natijasida madaniyat sohasidagi to‘garaklar faoliyatida eʼtibor qaratilishi lozim bo‘lgan dolzarb masalalar saqlanib qolayotgani qayd etildi.
Xususan, respublikadagi 444 ta madaniyat markazi binosi, yaʼni 53 foizi taʼmirtalab, 165 tasiga esa yangi bino qurish zarurligi aytib o‘tildi.
Madaniyat markazlari binolarida yetarli sharoit yo‘qligi hamda moddiy texnik bazaning eskirganligi oqibatida ularga bolalar va yoshlarni jalb etish ko‘rsatkichi pastligicha qolmoqda. Xususan, markazlarda tashkil etilgan to‘garak va kurslarga 6-17 yoshgacha bo‘lgan bolalarning bor yo‘g‘i 0,7 foizi qamrab olingan. Musiqa maktablarida bu boradagi qamrov 1,2 foizini tashkil etmoqda.
“Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonunda “Nutq madaniyati” kurslarini tashkil etish Madaniyat markazlarining asosiy vazifasi sifatida qayd etilgan. Biroq Navoiy, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida bu kabi kurslar faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan.
Madaniyat markazlaridagi 2 977 nafar to‘garak rahbarlaridan 593 nafari, yaʼni 20 foizigina oliy maʼlumotli, 1 756 nafari esa 59 foizi o‘rta maxsus maʼlumotga ega xodimlar hisoblanadi.
Musiqa maktablarida esa 13 ming o‘qituvchidan 5,6 mingi, yaʼni 42,5 foizi oliy maʼlumotli, qolganlari esa o‘rta maxsus maʼlumotga ega.
Hududlarda yoshlar o‘rtasida ularning to‘garaklar borasidagi xohish-istaklarini aniqlash va tahlil etishga doir ijtimoiy so‘rovnomalar tizimli tarzda o‘tkazilmagani tanqid qilindi.
Shuningdek, 13 ta musiqa maktabida musiqa cholg‘ulari yetishmovchiligi mavjudligi, xususan maktablarga doira, g‘ijjak va nay kabi cholg‘ularni yetkazib berishda muammolar borligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, muhokamalarda madaniyat markazlarini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etishga ham eʼtibor qaratildi. Xususan, Hukumatning tegishli qarori bilan madaniyat va sanʼat sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida beriladigan davlat mulki obyektlarining ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, unda sheriklikka beriladigan 139 ta madaniyat markazining ro‘yxati keltirilgan. Biroq 2022–2023-yillarda markazlarning bor yo‘g‘i 23 tasi (16,5 foizi) xususiy sheriklikka berilgan.
Senatorlar tomonidan bu yo‘nalishda xususiy sheriklik asosida ishni tashkil etish sifatli to‘garaklar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Davra suhbati so‘ngida yuqorida qayd etilgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ilgari surildi.








