Munojat Yo‘lchiyevaning ijodiy-ma’rifiy kechasi bo‘lib o‘tdi
2024-02-10 22:30:00 / Yangiliklar

10-fevral kuni poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Munojat Yo‘lchiyevaning ijodiy-ma’rifiy kechasi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2023-yil 22-dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi kengaytirilgan majlisida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan taniqli madaniyat va san’at namoyandalarining ijodini keng ommalashtirish maqsadida tashkil etildi.
Ijodiy-ma’rifiy kechada Preziden Administrarsiyasi hamda Madaniyat vazirligi rahbariyati, ustoz san’atkorlar, madaniyat va san’at sohasi vakillari hamda maqom ixlosmandlari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida “Munojat”, “Dugoh husayniy”, “Taronai bayot” taronasi, “Ushshoq”, “Qaydasan”, “Oyo”, “Soqinamoi bayot”, “Farg‘ona tong otguncha”, “Buxoro to‘lqini”, “Samarqand ushshog‘i”, “Kim keyin, kim ilgari”, “O‘zgancha”, “Ishqing o‘tig‘a”, “Tanovar” kabi durdona asarlar ijro etildi.
Ma’lumot uchun, Munojot Yo‘lchiyeva 1960-yilda Andijon viloyati Buloqboshi tumanida dunyoga kelgan. U AQSh va Buyuk Britaniyaning o‘nlab shaharlarida, shuningdek, Yaponiya, Xitoy, Koreya, Hindiston, Italiya, Shveysariya, Braziliya, Germaniya, Ispaniya, Belgiya, Fransiya, Rossiya, Hindiston singari davlatlarda gastrol konsertlarini taqdim etgan. Ustoz san’atkor faoliyati davomida ko‘plab xalqaro va milliy ko‘rik-tanlovlarda g‘olib deya e’tirof etilgan.
Suratlar muallifi: Farhod Rasulov









