O‘zbekiston davlat filarmoniyasi ijodkorlari “Dunyo musiqasi” xalqaro festivalida ishtirok etishdi
2025-05-26 17:00:00 / Yangiliklar

Turkmaniston Respublikasi poytaxti Ashxobod shahrida joylashgan “Maqomlar saroyi”da “Dunyo musiqasi” nomli yirik xalqaro musiqa festivali bo‘lib o‘tdi.
Mazkur festivalda Rossiya, Xitoy, Fransiya, Eron, Armaniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlardan tashrif buyurgan musiqachilar qatorida O‘zbekiston vakillari — O‘zbekiston davlat filarmoniyasi tasarrufidagi “Turkiston” kamer orkestri a’zolari ham muvaffaqiyatli ishtirok etishdi.
Ushbu nufuzli festivalda respublika va xalqaro tanlovlar hamda festivallar laureatlari — Muborak Lutfullayeva (skripka), Lidiya Jusova (skripka), Anna Ovsyannikova (skripka), Violetta Aiderova (alt) va Diana Niyozova (violonchel) kabi o‘zbek musiqachilarining ijrolari tomoshabinlarning gulduros olqishlariga sazovor bo‘ldi.
E’tiborlisi, ayni paytda “Turkiston” kamer orkestriga rahbarlik qilayotgan, mashhur ustoz Eldor Azimovning shogirdi Muborak Lutfullayeva ushbu konsertda dirijyor sifatida ham ishtirok etdi — u Turkmaniston Davlat simfonik orkestri bilan sahnaga chiqdi.
Bundan tashqari, “Turkiston” kamer orkestri a’zolari “Maqomlar saroyi” sahnasida yana bir bor chiqish qilib, muxlislarning yuksak e’tirofiga sazovor bo‘lishdi.


