Navoiy viloyatining bir guruh badiiy jamoalariga sahna liboslari hamda musiqa cholg‘u asboblari topshirildi
2025-02-28 12:00:00 / Yangiliklar

Madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov xizmat safari bilan Navoiy viloyatida bo‘lganligi haqida xabar berilgan edi.
Xizmat safarining 2-kunida vazir o‘rinbosari viloyatdagi madaniyat sohasi vakillari bilan yig‘ilish o‘tkazib, o‘rganish davomidagi yutuq va kamchiliklar muhokama etildi.
Yig‘ilish avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 25-dekabrdagi PQ-406-son qarori ijrosi bo‘yicha viloyatda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Jumladan, viloyat hokimligi hamda Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlangan tadbirlar rejasiga asosan tashkil etilgan gastrol safarlari, o‘zarolik tamoyili asosida o‘tkazilgan “madaniyat kunlari” tadbirlari, badiiy havaskorlik jamoalarining pullik tushumlari va shu kabi bir qator masalalar muhokama etildi.
Uch qismdan tashkil topgan yig‘ilishning ikkinchi qismida vazirlikning yig‘ma axborot-tahlil boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Atageldiyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF-16-son Farmoni bilan “O‘zbekiston -2030” strategiyasidagi “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan topshiriqlar ijrosini tashkil qilish bo‘yicha taqdimot qildi.
So‘ngra, vazirlikning raqamlashtirish va axborot xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i Jasur Shermuhammedov “ERP madaniyat” yagona boshqaruv tizimi hamda uning doirasida ishlab chiqiladigan quyi axborot tizimlarining maqsad va vazifalari to‘g‘risida so‘z yuritdi.
Yig‘ilish yakunida, davlatimiz rahbarining PQ-406-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, Navoiy viloyatining bir guruh badiiy jamoalariga sahna liboslari hamda musiqa cholg‘u asboblari topshirildi.
Ma’lumot o‘rnida, 2024-yilda badiiy havaskorlik jamoalarining musiqa cholg‘ulari, sahna liboslari, texnik jihoz va uskunalar to‘plami bilan ta’minlash bo‘yicha manzilli reja tasdiqlangan bo‘lib, ushbu rejaga asosan Navoiy viloyatidagi 10 ta badiiy jamoalarga ovoz kuchaytirgich vositalari berilgan bo‘lsa, bugun milliy musiqa cholg‘ulari va sahna liboslari berildi.
Qarorga muvofiq, moddiy-texnika bazasi mustahkamlangan badiiy havaskorlik jamoalarining pulli tushumlarini birinchi yilda ikki barobarga, keyingi yillardan boshlab esa kamida 20 foiz miqdorida oshirib borish parametrlari belgilab berilgan.