Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi va tizim tashkilotlarida “Korrupsiyasiz jamiyat sari” mavzusida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi
2025-02-21 20:30:00 / Yangiliklar

Qoraqalpog‘iston Respublikasi madaniyat vazirning birinchi o‘rinbosari B.Allakov kun tartibidagi masalalar yuzasidan yig‘ilganlarni tanishtirib, vazirlikning tizim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.
So‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati xodimi K.Rahimov korrupsiya illati va uning zararlari haqida gapirar ekan, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar va davlatning rivojiga ulkan to‘siq bo‘ladigan bu illatga qarshi birgalikda kurashish lozimligini aytib o‘tdi.
“Bugun biz jamiyatimizning barqaror rivojlanishiga katta to‘sqinlik qilayotgan korrupsiya haqida ogohligimizni kuchayttirishimiz lozim. Korrupsiya bu nafaqat iqtisodiy yo‘qotishlar, balki ishonchning yemirilishi, adolatning yo‘qolishi va inson qadriyatlariga putur yetkazadigan illatdir” – dedi Komiljon Rahimov.
Yig‘ilish davomida, korrupsiyaviy vaziyatlarga duch kelib qolganda, nima qilish kerakligi va qayerga murojaat etishlari lozimligi haqida ma’lumotlar berildi.
Shu bilan birga 2024- yil davomida madaniyat sohasida sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar to‘g‘risida yig‘ilish qatnashchilariga ma’lumot berildi. Tizim tashkilotlarida rahbar xodimlarining ochiqlik va halollik siyosati bilan ish olib borishi hamda moliyaviy hujjatlarning shaffof yuritilishi, davlat xaridlari jarayonida, tanish-bilishchilik va qarindosh- urug‘chilikka yo‘l qo‘ymasligi lozimligi haqida eslatib o‘tildi.
Shuningdek, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida, har bir xodim nimalarga alohida e’tibor qaratishi haqida tushuntirishlar berildi hamda tizim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mas’ul xodimlarga korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini oshirish maqsadida tizimlarda seminar-treninglar va targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishi ta’kidlandi.