#Xushxabar: O‘zbekistonlik sirk artisti "Ginnes rekordlar kitobi"ga kiritildi
2025-01-18 14:00:00 / Yangiliklar
2024-yilda "O‘zbeksirk" davlat muassasasi artistlari Darina Matveyeva va Sanjar Xasanov Monte-Karloda bo‘lib o‘tgan 46-Xalqaro sirk festivalida tishda osilish tryukini namoyish etib, jahon rekordini o‘rnatgan edi. Ushbu tomoshada qatnashgan Monako qirol va qirolichasi hamda butun zal ularni olqishladi.
Shuningdek, festivalda 16 ta mamlakatdan 100 dan ortiq ishtirokchi o‘zining eng yaxshi chiqishlarini namoyish etgan.
"O‘zbeksirk" davlat muassasasi artisti Darina Matveyevaga festivaldagi ishtirokidan so‘ng, 2025-yilning 14-yanvar kuni Italiyaning Milan shahrida rekord o‘rnatilganligi munosabati bilan "Eng katta og‘irlikni ushlab turgan ayol jag‘i" yo‘nalishi bo‘yicha „Ginnes rekordlar kitobi“ga kiritilganligini tasdiqlovchi sertifikat taqdim etildi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda bo‘lib o‘tgan festival davomidagi tryukda 54,1 kg vaznga ega Darina Matveyeva tishlari bilan teriga osilgan holda 74,9 kg vaznga ega erkakni beliga ushlab, umumiy vazni 129 kg bo‘lgan yukni tish va jag‘lari bilan ko‘taradi. Bu esa Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilishiga asos bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida, Matveyeva Darina - O‘zbekiston Davlat sirki san’atkori, xalqaro sirk festivallari g‘olibi, Montekarlodagi "Kumush kloun" (Serebryaniy kloun) va Ispaniyadagi "Oltin fil" (Zolotoy slon) mukofotlari sohibasi, O‘zbekiston Respublikasining "Madaniyat va san’at fidokori" ko'krak nishoni sohibasi hisoblanadi.
Madaniyat vazirligi jamoasi, Darina Matveyevani hamda "O‘zbeksirk" davlat muassasasi artistlari jamoasini ushbu ulkan yutuq bilan tabriklaydi.