Brifing: Madaniyat vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar haqida
2025-01-15 15:00:00 / Yangiliklar
Ayni damda AOKAda Madaniyat vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar haqida Madaniyat vazirligi matbuot xizmati rahbari — vazirning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sirojiddin O‘sarov ishtirokida brifing boshlandi.
Quyida brifingni matni bilan tanishishingiz mumkin:
Assalomu aleykum, bugungi brifingda Madaniyat vazirligining Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati tomonidan 2024-yil davomida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumot beramiz.
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan tizimli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Ushbu sa’y-harakatlarning asosiy negizida “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil mujassam ekani alohida diqqatga sazovordir.
Binobarin, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Jamiyatimizda korrupsiya, turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish, ularga yo‘l qo‘ymaslik, jinoyatga jazo, albatta, muqarrar ekani to‘g‘risidagi qonun talablarini amalda ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishimiz zarur” deya ta’kidlaganlar.
Madaniyat vazirligining Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati 2024-yil davomidagi faoliyatini “Madaniyat vazirligi Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati tomonidan vazirlik hududiy tarkibiy bo‘linmalari hamda tizim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar samaradorligi yuzasidan 2024-yilda o‘tkaziladigan o‘rganishlar rejasi” asosida amalga oshirdi.
Sohada korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirish maqsadida madaniyat vazirining tegishli buyrug‘iga asosan Madaniyat vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha siyosati qabul qilindi.
Madaniyat vazirligining Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati tomonidan 2024-yil davomida vazirlikning tegishli buyruqlari asosida “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi, uning Toshkent shahar va Toshkent viloyati hududiy bo‘limlari, “O‘zbekiston davlat filarmoniyasi” davlat muassasasi va uning Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi va tizim tashkilotlari, Toshkent shahar madaniyat boshqarmasi va uning tizim tashkilotlari hamda Xorazm, Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Andijon Namangan, Farg‘ona, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari madaniyat boshqarmalari va ularning tizim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligi yuzasidan o‘rganish ishlari o‘tkazildi.
O‘rganish jarayonida tashkilotlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, o‘rganish natijalari bo‘yicha “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi, uning Toshkent shahar va Toshkent viloyati bo‘limlari xodimlari, “O‘zbekiston davlat filarmoniyasi” davlat muassasasi va uning Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi bilan bevosita hamda ZOOM platformasi orqali, Qoraqalpog‘iston Respublikasi madaniyat vazirligi va uning tizim tashkilotlari, teatr xodimlari, Xorazm, Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari madaniyat boshqarmalari va ular tasarrufidagi tashkilotlar xodimlari ishtirokida yig‘ilishlar o‘tkazildi. Mazkur yig‘ilishlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ishtiroki ta’minlandi.
Bundan tashqari, vazirlikning Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati va tegishli mutaxassislari ishtirokida davlat xaridlariga oid qonunbuzilishi holatlari yuzasidan jami 10 ta xizmat tekshiruvlari o‘tkazilib, xizmat tekshiruvlari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq 19 ta holatda mutasaddi xodimlarga qonunchilikda belgilangan tartibda ta’sir choralari qo‘llanildi.
Mazkur holatlar yuzasidan Madaniyat vazirligi tasarrufidagi tizim tashkilotlariga davlat xaridlarini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonuni va boshqa me’yoriy hujjatlar talablariga rioya etilishini qattiq nazoratga olish, davlat xaridlarini amalga oshirishda va boshqa moliyaviy faoliyat davomida tegishli qonun hujjatlariga rioya etmasdan, manfaatlar to‘qnashuviga hamda korrupsion xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ygan xodimlar qonunchilikda belgilangan tartibda jazoga tortilishi haqida vazirlikning tegishli ko‘rsatmasi yuborildi.
Olib borilgan targ‘ibot ishlari va ogohlantirishlarga qaramay, qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etmagan 12 nafar mas’ul rahbar hamda mansabdor shaxslar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi, 20 nafariga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.
Shuningdek, 2024-yil davomida jismoniy va yuridik shaxs vakillari tomonidan Madaniyat vazirligiga korrupsiyaga oid jami 14 ta murojaat kelib tushdi. Barcha murojaatlar tegishli mutaxassislar ishtirokida o‘rganib chiqilib, ariza mualliflariga javob xatlari yuborildi.
2024-yil davomida 7 ta tashkilotda o‘tkazilgan tekshiruvlar bo‘yicha to‘plangan ma’lumotlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–210-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Madaniyat vazirligi va uning barcha tizim tashkilotlarida “Manfaatlar to‘qnashuvi” holatlariga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan ishlar nazoratga olindi.
Madaniyat vazirligi Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida brifinglar tashkil etildi va keng ommaga ma’lumotlar taqdim etilib, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlar samaradorligi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganish ishlari markaziy va hududiy telekanallarda yoritildi.
Shuningdek, Madaniyat vazirligida joriy yilning oktyabr oyida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazilib, tadbir jarayonida vazirlikka tashrif buyurgan fuqarolar, xodimlar, talabalar va ommaviy axborot vositalari xodimlariga vazirlikda korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan to‘liq axborot berildi.
“9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov vazirlik va uning tizim tashkilotlari xodimlariga videomurojaat yo‘lladi. Bu murojaat vazirlik rasmiy veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashtirilib, bir qator ommaviy axborot vositalarida efirga uzatildi.
Hurmatli yurtdoshlar, agar siz Madaniyat vazirligi tizimidagi barcha sohalarda korrupsion holatlarga duch kelsangiz yoki guvoh bo‘lsangiz vazirlikning quyidagi korrupsiya hamda manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar berish aloqa kanallariga murojaat qilishingiz mumkin:
Telegramda - @antikorrupsiya_madaniyat_bot
Telefon raqami - 55-502-33-77ni terganingizdan so‘ng, 1109 ichki raqamini terasiz
Elektron manzil - antikorrupsiya@madaniyat.uz
Yodda tuting! Korrupsion holat haqida xabar bergan shaxs ma’lumotlari mutlaqo sir saqlanadi.
Maqsadimiz korrupsiyasiz jamiyat qurishda faol ishtirok etishdir!