“14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan “Va’da” badiiy filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi
2025-01-15 11:30:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan Milliy Gvardiya, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Milliy media birlashmasi hamda “Renessans” telekanali hamkorligida “Liger Cinema” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan “Va’da” badiiy filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi.
Namoyishda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi hamda Kinematografiya agentligi rahbariyati, Milliy gvardiya tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlar, kursant-askarlar, kinoijodkorlar, yurtdoshlarimiz, hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Milliy gvardiyasi boshqarma boshlig‘i Zafarjon Alimov va Kinematografiya agentligi direktorining maslahatchisi Sayfullo Rajabov mazkur filmning mazmuni hamda ahamiyati xususida batafsil so‘z yuritdi. Shu bilan birga, Milliy Gvardiya qo‘mondonligi rahbariyati tomonidan kinoijodkorlar uchun maxsus esdalik sovg‘alari topshirildi.
Film yoshlarning harbiy ta’lim olish jarayonini, intizom va mas’uliyat his qilishni o‘rganish, jamoada ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish kabi muhim jihatlarni aks ettiradi. Shuningdek, asarda do‘stlik, sadoqat, jasorat va vatanparvarlik kabi oliyjanob qadriyatlar ulug‘lanadi.
Filmda Anvar Azimov, Mehriddin Rahmatov, Dilmurod Masaidov, Dilmurod Qambarov, Muslim Nuraliyev, Mohichexra Islomova, Rahmatilla Valiyev, Mehridilbonu Ergashova kabi mahoratli ijodkorlar suratga tushgan. Senariy mualliflari– Bobur Yo‘ldoshev va Sanjar Mamanazarov, rejissyorlar – Bobur Sher o'g'li hamda Jamshid Narziqulov.