"Maqom yo‘llarida yaratilgan eng yaxshi asar" VI Respublika tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
2024-12-14 12:00:00 / Yangiliklar
13-dekabr kuni, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida "Maqom yo‘llarida yaratilgan eng yaxshi asar" VI respublika tanlovining tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamda Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti hamkorligida tashkil etilib, milliy musiqa merosimizni rivojlantirish va yangi iste’dodlarni kashf etish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Marosim davomida madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov nutq so‘zladi. U o‘z nutqida tanlov ishtirokchilari va maqom san’ati ahamiyatini chuqur tahlil etib, quyidagilarni ta’kidladi:
“Bugungi tarixiy daqiqalarda “Maqom yo‘llarida yaratilgan eng yaxshi asar” VI Respublika tanlovining barcha ishtirokchilari mana shu nufuzli musobaqada ishtirok etganliklari bilan g‘ururlanishlari maqsadga muvofiq, deb hisoblayman. Chunki bu tanlov nafaqat milliy san’atimizning yuksak namunalarini kashf etadi, balki yosh iste’dodlarni tarbiyalash, milliy madaniyatimizni dunyo miqyosida targ‘ib qilish yo‘lida muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Bahodir Ahmedov maqom san’atining tarixiy ildizlari va uning bugungi kundagi ahamiyatiga alohida urg‘u berib, maqom san’atini yo‘qolib ketish xavfidan saqlab qolishda davlat rahbarining shaxsiy tashabbusi va sa’y-harakatlarini ta’kidladi:
“O‘tgan asrning oxirida maqom san’ati yo‘qolib ketish arafasida edi. Biroq Muhtaram Prezidentimizning oqilona qarorlari natijasida bu muqaddas meros yangi davrda o‘zining tiklanish va rivojlanish bosqichiga kirdi. Bugun biz maqom san’atini nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosda tanitishga erishdik. Misol sifatida, bu yil Jizzax viloyati Zomin tumanida bo‘lib o‘tgan II Xalqaro maqom san’ati anjumanini ko‘rsatish mumkin. Mazkur tadbirda dunyoning 84 ta davlatidan ishtirokchilar va mehmonlarning qatnashgani Prezidentimiz tashabbusining naqadar samarali ekanligini ko‘rsatadi. Bu islohotlar orqali biz milliy san’at va madaniyatimizni tiklash hamda targ‘ib qilish yo‘lida to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganimizni yaqqol namoyon etmoqdamiz.”
Ushbu tanlovlarning ahamiyati haqida so‘z yuritar ekan, Bahodir Ahmedov bu kabi tadbirlar milliy madaniy merosimizni asrab-avaylash va ijodkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish borasida strategik rol o‘ynashini ta’kidladi:
“Mana shunday tanlovlar va xalqaro miqyosdagi yirik tadbirlar milliy musiqamiz va madaniy merosimizni kelgusi avlodlarga yetkazishda, milliy madaniyatimizni jahon madaniy merosining ajralmas qismiga aylantirishda beqiyos ahamiyatga ega. Bu jarayon bizning san’atga bo‘lgan e’tiborimiz va Prezidentimizning madaniyatni rivojlantirish borasidagi uzoqni ko‘zlovchi siyosatining yorqin ifodasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.”
Bahodir Ahmedovning so‘zlari tadbir ishtirokchilari tomonidan iliq kutib olindi va ularning milliy san’atimizga bo‘lgan qiziqish va hurmatlarini yanada oshirdi.
Tadbirda maqom san’atiga o‘z ijodiy yondashuvlarini namoyon etgan iste’dodli ijodkorlar g‘olib deb topildi:
1-o‘rin:
O‘ktam Rasulov – O‘lmas Rasulov “Muhammasi Nabiulloh” asari
2-o‘rin:
Ilyos Arabov “Garduni Iroq” asari
G‘afur Eshchanov “Topilmas” asari
3-o‘rin:
Bahodir Babajonov “Savti Iroq”
Nodir Vahobov “Nasri Iroq”
Ma’lumot uchun:
Mazkur tanlov maqom san’atini rivojlantirish, ijrochilik mahoratini yuksaltirish va milliy musiqa merosini yangi avlodga yetkazishga xizmat qiladi. Bu jarayon nafaqat san’atning yuksak saviyasini targ‘ib etish, balki yosh avlodda milliy musiqa va madaniyatga bo‘lgan hurmatni shakllantirish uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Shu bilan birga, ushbu tanlov Prezidentimizning madaniy merosni asrab-avaylash va san’atni qo‘llab-quvvatlash borasidagi dono siyosatining yorqin ifodasi sifatida ijodkorlar uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.