Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov xizmat safari bilan Navoiy viloyatida bo'lib turibdi
2024-10-31 16:55:00 / Yangiliklar

Ayni damda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov xizmat safari bilan Navoiy viloyatida bo‘lib turibdi.
Tashrifning dastlabki manzili Navoiyning Konimex tumanidagi 7-son Do‘stlik madaniyat markazi bo‘ldi.
Do‘stlik madaniyat markazi tumandagi 7 ta mahallada 17 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatadi.
Hozirda Prezidentning 50-son bayoniga asosan har bir hududda namunali tashkil etiladigan madaniyat markazlari manzilli ro‘yxati asosida ta’mirlanmoqda.
Vazir Ozodbek Nazarbekov madaniyat markazidagi qurilish, ta’mirlash ishlari bilan yaqindan tanishdi. Jarayonda markaz o‘quvchilariga yanada qulaylik yaratish, ta’mirlash jarayonida eng so‘nggi texnologiyalardan foydalanish to‘g‘risida mutasaddilarga topshiriq berdi.
So‘ng, Konimex tuman 4-son bolalar musiqa va san’at maktabida bo‘ldi. 150 o‘ringa mo‘ljallangan maktab binosida hozirgi kunda 13 ta yo‘nalish bo‘yicha 324 nafar o‘quvchi musiqa va san’at sirlarini o‘rganib kelmoqda.
Jarayonda qariyb 50 yillik mehnat faoliyati davomida serqirra ijodi bilan o‘zbek qo‘shiqchilik san’atini va milliy madaniyatimizni rivojlantirish, uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, millatlar va elatlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlash, yosh iste’dod egalarining qobiliyatini ro‘yobga chiqarish kabi sharafli ishlarga qo‘shgan Qodir Jo‘raqulovning 70 yoshga to‘lganligi munosabati bilan vazir tomonidan tabriknoma berildi.
Vazirning Navoiy viloyatidagi xizmat safari davom etmoqda.