Madaniyat boshqarmalari faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish holati o‘rganilmoqda
2024-09-13 12:30:00 / Yangiliklar
Ayni kunlarda Madaniyat vazirligining ishchi guruhi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023 – 2024-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari madaniyat boshqarmalari faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish holatini o‘rganmoqda.
Kuni kecha Surxondaryo viloyatining San'at saroyi binosida viloyat madaniyat boshqarmasi hamda tizim tashkilotlari xodimlari ishtirokida yig'ilish bo'lib o'tdi.
Yig'ilishni Madaniyat vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mas'ul xodimi hamda viloyatdagi huquq tartibot organlari mas'ul xodimlari olib borishdi.
Unda, "Manfaatlar to'qnashuvi to'g'risida"gi Qonun va vazirlikning korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha siyosati mazmun-mohiyati haqida ma'lumot berildi.
Shuningdek, yig'ilishda "Mehnat kodeksi" talablariga rioya etish ahvoli, normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan talablarga rioya etilishi va sohaga oid boshqa qonun hujjatlari ijrosi, xaridlarni amalga oshirishda "O'zbekiston Respublikasi Davlat xaridlari to'g'risida"gi Qonun talablariga rioya etilishi, manfaatlar to'qnashuviga yo'l qo'yilmaslik holatlari yuzasidan suhbat olib borildi.
Yig'ilish yakunida soha xodimlarining savollariga mas'ullar tomonidan tegishliligicha javoblar berildi.
Madaniyat vazirligining ishchi guruhi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023 – 2024-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadidagi xizmat safari Qashqadaryo viloyatida davom etmoqda.