PF-103-sonli Farmon ijrosi: ijodiy birlashmalarni tashkil etish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
2026-06-16 12:05:00 / Yangiliklar

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyundagi PF-103-sonli farmoni ijrosini ta’minlash hamda madaniyat, san’at va adabiyot sohalarida ijodiy birlashmalar faoliyatini samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishga madaniyat vaziri o‘rinbosarlari Murodjon Majidov va Yusufjon Usmonov rahbarlik qildi. Unda vazirlikning tegishli tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda mazkur farmon doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, ijodiy birlashmalarni tashkil etish bo‘yicha bugungi kunga qadar erishilgan natijalar, mavjud tashkiliy masalalar hamda kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Shuningdek, ijodiy birlashmalarning maqsad va vazifalari, ularning faoliyat yo‘nalishlarini aniq belgilash, soha vakillarining manfaatlarini himoya qilish hamda ijodiy jarayonlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Muhokamalar davomida madaniyat, san’at va adabiyot sohalarida faoliyat yuritayotgan ijodkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning ijodiy tashabbuslarini rag‘batlantirish, yosh iste’dodlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, milliy madaniy merosni asrab-avaylash hamda zamonaviy ijodiy yo‘nalishlarni rivojlantirish bo‘yicha muhim takliflar ilgari surildi.
Shu bilan birga, yangi tashkil etilayotgan ijodiy birlashmalarning huquqiy maqomini mustahkamlash, moddiy-texnik bazasini shakllantirish, moliyaviy barqarorligini ta’minlash hamda ularning faoliyatiga keng jamoatchilik va soha mutaxassislarini jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ijodiy birlashmalarning respublika va xalqaro miqyosdagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va madaniy almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham fikrlar bildirildi.
Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan sohada uchrayotgan ayrim muammolar va ularning yechimlari muhokama qilinib, har bir yo‘nalish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqish yuzasidan kelishib olindi. Belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va samarali ijrosini ta’minlash maqsadida mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi hamda ijro intizomini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida madaniyat, san’at va adabiyot sohalaridagi ijodiy muhitni yanada rivojlantirish, ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, milliy madaniyat va ma’naviy qadriyatlarni keng targ‘ib etish hamda sohaning xalqaro nufuzini oshirish yo‘lidagi ishlar izchil davom ettirilishi qayd etildi.




