Madaniyat vazirligida Rossotrudnichestvoning O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi xodimlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-06-16 11:30:00 / Yangiliklar

Kuni kecha vazirning birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov boshchiligida soha vakillari hamda Rossotrudnichestvoning O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi xodimlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash, ayniqsa teatr san’ati sohasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar o‘zbek va rus teatrlari o‘rtasidagi ijodiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma spektakllar tayyorlash, teatr jamoalari ishtirokida festivallar va madaniy tadbirlar tashkil etish yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, teatr sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, rejissyorlar va aktyorlar o‘rtasida tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy teatr san’ati tendensiyalarini o‘rganish hamda sohaga ilg‘or xalqaro tajribalarni tatbiq etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Bu borada ikki tomonlama hamkorlik doirasida turli ijodiy laboratoriyalar, amaliy seminarlar va mahorat darslarini tashkil etish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Uchrashuvda talabalar va yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, teatr yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, qisqa muddatli stajirovkalar va akademik almashinuv loyihalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Bu tashabbuslar yosh mutaxassislarning kasbiy mahoratini oshirish, ularning xalqaro tajribaga ega bo‘lishi va ijodiy salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Tomonlar teatr sohasini rivojlantirish, madaniy merosni asrab-avaylash va zamonaviy san’at yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Uchrashuv yakunida kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan qo‘shma loyihalar yuzasidan fikrlar almashilib, madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.






