Madaniyat vazirligi ayollari “Besh ming qadam” marafonida faol ishtirok etdi
2026-06-15 19:10:00 / Yangiliklar
Bugun poytaxtimizdagi Olimpiya shaharchasida O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan “Ayollar sport olimpiadasi”ning respublika bosqichi doirasida “Besh ming qadam” yurish marafoni bo‘lib o‘tdi.
Sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, xotin-qizlarning jismoniy faolligini oshirish hamda sport orqali ularning salomatligini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbirda turli vazirlik va idoralar, davlat tashkilotlari hamda jamoatchilik vakillari faol ishtirok etdi.
Marafonda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar ham munosib ishtirok etib, sog‘lom turmush tarziga sodiqlik, jamoaviy hamjihatlik va yuksak kayfiyat namunalarini namoyish etdilar.
Tadbir davomida ishtirokchilar belgilangan masofani bosib o‘tib, sport va salomatlikni targ‘ib etishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladilar. Marafon sog‘lom hayot tarzini ommalashtirish, xotin-qizlarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish hamda ularni muntazam jismoniy faollikka jalb etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
“Besh ming qadam” yurish marafoni sport va salomatlik bayramiga aylanib, ishtirokchilarga ko‘tarinki ruh, ijobiy taassurotlar va unutilmas lahzalarni ulashdi.
