O‘zbekiston va Turkiya kino sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
2026-06-15 13:00:00 / Yangiliklar

Madaniyat vazirligida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov hamda Turkiyaning taniqli prodyuseri, ZEN Yapım kinokompaniyasi rahbari Ibrohim Akbaba bilan hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya hamkorligida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan “Semerkand Rüyası” (“Samarqand orzusi”) badiiy filmi loyihasi muhokama qilindi. Tomonlar film g‘oyasi, suratga olish jarayonlari, ijodiy jamoa tarkibi hamda O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini xalqaro auditoriyaga keng targ‘ib etish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Ta’kidlanganidek, mazkur film ikki mamlakat kino sohasi vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya xalqlarini birlashtirib turuvchi umumiy tarix, madaniyat va ma’naviy qadriyatlarni keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Avazxon Tadjixanov loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq tashkiliy, huquqiy, moliyaviy va ijodiy jihatlar sohaning tegishli mutaxassislari tomonidan atroflicha o‘rganilishi muhimligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, mutaxassislar xulosalaridan so‘ng loyihani amalga oshirish bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlar belgilanadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma kino loyihalarini amalga oshirish, kino industriyasida tajriba almashish va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.



