Pokistonda “O‘zbek kinosi kunlari” tadbirini tashkil etish muhokama etildi
2026-06-10 21:05:00 / Yangiliklar

Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan ZOOM platformasi orqali Pokiston Islom Respublikasi delegatsiyasi ishtirokida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida madaniyat, kinematografiya, media va kreativ industriyalar sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Pokiston tomonidan Pokiston Islom Respublikasining Axborot va radioeshittirish federal vaziri Atoulla Tarar, Elektron media va nashrlar direksiyasi bosh direktori Muhammad Salim hamda Tashqi targ‘ibot boshqarmasi bosh direktori Raisa Odil ishtirok etdi.
O‘zbekiston tomonidan esa O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixonov, Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev hamda Teatr va sirk faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Farhod Elmurodov qatnashdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi an’anaviy do‘stona munosabatlar, ikki xalqni bog‘lab turgan tarixiy, madaniy va ma’naviy rishtalar alohida ta’kidlandi. Tomonlar madaniyat, kino, media, jamoatchilik bilan aloqalar hamda kreativ industriyalar yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligini qayd etdilar.
Uchrashuvda kinematografiya sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston tomoni kino san’atini xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlovchi va madaniy diplomatiyani rivojlantiruvchi samarali vosita sifatida baholab, qo‘shma kino loyihalarini amalga oshirish, kinoijodkorlar o‘rtasida tajriba almashish hamda ikki mamlakatning sohaviy tashkilotlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekiston tomoni joriy yilning so‘nggi choragi davomida Pokistonda “O‘zbek kinosi kunlari” tadbirini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Qayd etilganidek, mazkur tadbir zamonaviy o‘zbek kinematografiyasi namunalarini Pokiston tomoshabinlariga keng tanitish, madaniy muloqotni rivojlantirish hamda ikki mamlakat kino sohasi vakillari o‘rtasida yangi hamkorlik imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladi.
Pokiston tomoni O‘zbekistonning mazkur takliflarini ijobiy qabul qilib, ularni amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarish mexanizmlarini birgalikda ishlab chiqishga tayyor ekanini bildirdi. Tomonlar aniq tashabbus va takliflar ustida ishlash, shuningdek, keyingi bosqichlarni muvofiqlashtirish maqsadida tegishli tashkilotlar o‘rtasida maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi madaniy va ijodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqlab, muhokama qilingan tashabbuslar ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.


